“Inson qadri uchun” tamoyilining yana bir amaliy ifodasi


504     19.12.2025

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3,5 barobarga oshib, 50 dan ortiq normalarda o‘z ifodasini topdi.

Birgina Konstitutsiyaning 28-moddasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi belgilangani ham ozodlikdan mahrum etilganlarga insoniy munosabatda bo‘lishni kafolatladi. Shu bilan birga mahkumlarning huquqlarini himoya qilish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini kuchaytirdi. 

Maʼlumki, “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasiga muvofiq, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ularning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Biroq Ombudsman nomiga kelib tushayotgan murojaatlar hamda monitoring natijalariga ko‘ra, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslardan dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va boshqa shaxslardan kiyim-bosh va poyabzal olish, shuningdek, ularning har oyda oziq-ovqat va eng zarur narsalarni sotib olish uchun ruxsat etilgan pul miqdori oshirilishi so‘ralgan murojaatlar soni oshgan.

Ana shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari, jumladan, “Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlarga nisbatan insoniy jihatdan muomalada bo‘lish va ularning shaʼni, qadr-qimmatini hurmat qilish maqsadida yuqoridagi murojaatlardan kelib chiqib, ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tergov hisbxonalarida saqlanayotgan shaxslarning har oyda oziq-ovqat va eng zarur narsalarni sotib olish uchun belgilangan pul miqdori (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi – 635 500 so‘m) ularning kundalik ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmaganligi sababli oshirilmoqda.

Bu borada AQSH, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Germaniya va Kanada tajribasi o‘rganilganda tergov hisbxonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun dam olish va bayram kunlarida qo‘shimcha cheklovlar nazarda tutilmagani maʼlum bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, ikkinchi o‘qishda ham maʼqullandi.

Qonunning qabul qilinishi qamoqqa olingan shaxslarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga, Konstitutsiya normalarini hayotga samarali tatbiq etish va milliy qonunchilikni xalqaro tajribaga yanada muvofiqlashtirishga hamda mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Abdulhakim ESHBOYEV,
“Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi fraksiyasi aʼzosi