Kun tartibida talaba-onalar muammolari


575     19.12.2025

Markaziy kengashda partiya va fraksiya hamda Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida turmushga chiqqan talabalar va talaba-onalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzuida eshituv tashkil etildi.

Tadbirda partiyaning hududiy Kengashlari raislari, mahalliy Kengash deputatlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshliqlari, Oliy o‘quv yurtlari rektorlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi masʼullari, talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni qo‘mita raisi Nodir Jumayev ochib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning taʼlim olishiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emasligini taʼkidladi. Chunki ota-bobolarimiz bitta qiz farzandni o‘qitsang, butun oilani, jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan deya, taʼkidlaganlar va bu bugun Yangi O‘zbekistonda o‘z aksini topmoqda.

– Buning isbotini oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olayotgan xotin-qizlar ulushi oshganidan ham ko‘rish mumkin, – dedi qo‘mita raisi.

Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova esa mavzu yuzasidan kelib chiqib, ishtirokchilarni partiya tomonidan bu borada qilingan o‘rganishlar natijalari bilan tanishtirdi.  

Bugungi kunda bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talabalarning 52,7 foizini, magistraturada esa 53,6 foizini xotin-qizlar tashkil qilmoqda. Shu bilan birga so‘nggi yillarda oilali talabalar soni umumiy talabalarga nisbatan 40 foizga oshgan. Ushbu raqamlar ayollarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning taʼlim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi islohotlar samarasidir. Biroq “Milliy tiklanish” tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlari aynan oliy taʼlim oluvchi oilali talabalarga eʼtiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

2024-yilda O‘zbekistonda 300 000 ga yaqin nikoh rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 93 000 tasi 20 yoshga to‘lmagan talaba-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi, yaʼni har uch nafar qizdan biri taʼlim olish yoshida (18-22 yoshgacha) turmushga chiqmoqda. Biroq Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumotiga ko‘ra, oilaviy ajrimlar talaba qizlar orasida oshgan. O‘rganishlardan maʼlum bo‘ldiki, bunga oliygohlarda talaba-onalarga yetarlicha sharoit yaratilmagani ham sabab bo‘lmoqda.

Partiya tomonidan respublikadagi 76 ta davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 27 ta oliygohda “Ona va bola xonasi”, 73 tasida esa kichik bog‘chalar tashkil etilmagan. Shuningdek, vazirlik bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan 43 ming respondentning 90 foizi talaba-onalarga yetarlicha sharoitlar yaratilmaganini aytishgan. Bu borada o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda talaba-onalarda turli oilaviy nizolar sabab davomat pasaygani va bu taʼlim sifatiga taʼsir qilgani, oilaviy ajrimlar ko‘paygani, darslarga farzandi bilan kelishi va bu taʼlim jarayoniga xalaqit qilishi, masofaviy taʼlimning yo‘qligi, oila va taʼlimni uyg‘unlikda olib borish bo‘yicha inklyuziv taʼlim mavjud emasligi, oliy taʼlim tashkilotlarida ularni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlar yaratilmagani maʼlum bo‘ldi. Hatto oilali talabalar orasida o‘qishni tashlab ketish holatlari ham kuzatilmoqda. Misol uchun: birgina Jizzax davlat pedagogika universitetida 2024-yilda 122 nafar talaba-ona akademik qarzdorlik sabab, kursdan qoldirilgan.

Shuningdek, talaba-onalarni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlar ishlab chiqilmagan. Jizzax, Toshkent hamda Xorazm viloyatlarida maxsus o‘quv kurslari, treninglar, psixologik yordam, talaba-onalar uchun maxsus stipendiya, tibbiy xizmat, yotoqxona chegirmalari, moslashuvchan jadvallar, to‘garaklar tashkil etilmagan.

– O‘rganishlar natijalaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, talaba-onalar uchun talabalik oltin davr emas, – dedi F. Muhammedjanova.

“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi Go‘zal Samiyeva mavzu yuzasidan o‘z hayotida yuz bergan bir voqea haqida gapirib, barchaning eʼtiborini tortdi.

– 1999-yilda oliy o‘quv yurtini tugatib, soliq idorasiga endi ishga kelganimida mendan ariza emas, tilxat olishgan, – deya gap boshladi deputat. – Yaʼni, besh yil davomida farzandli bo‘lmayman, “dekret”ga, mehnat taʼtiliga, “bolnichniy”ga chiqmayman, degan mazmunda. Bugun esa ayollarimizning taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar haqida uzoq gapirish mumkin. Ayniqsa, ayollarni ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayapti. Hatto Konstitutsiyamizning tegishli moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlangan, – dedi deputat va Surxondaryo viloyatida erta nikoh, ajrimlar, qizlarning taʼlim olishi bilan bog‘liq bugungi holat bilan tanishtirdi.   

Eshituvda turmushga chiqqan talaba-qizlar va talaba-onalarga sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi qonunchilik asoslari, xorijiy tajriba bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Oliy taʼlim tashkilotlarida talaba-qizlar va onalar uchun moslashuvchan taʼlim shakllarini keng joriy etish, masofaviy va kechki taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, talaba-onalarga moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan infratuzilmani rivojlantirishga oid bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Bu borada “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, barcha oliy taʼlim tashkilotlarida “Ona va bola xonasi”ni bosqichma-bosqich tashkil etish, gibrid va masofaviy taʼlim shakllarini keng joriy etish, talaba-onalarni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, oilali talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish taklifi bildirildi.

 

Hamdam Niyozov,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i