432 19.12.2025
«...1 milliarddan ortiq odam sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Kunlik foydalanuvchilar soni 500-600 milliondan oshyapti. SIga murojaat bo‘yicha yetakchilik amerikaliklarga tegishli bo‘lsa, Xitoy ikkinchi, hindistonliklar esa uchinchi o‘rinda». Ha, chindan ham dunyo sun’iylashib boryapti. Oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, dori darmon vositalari hatto do‘konlarda «ayol»lar sotuvi yo‘lga qo‘yilganichi... Navbat endi aqlga...mi?
Ayrim tahlillar bizda ham 64 foiz aholi o‘z ish joyida SIdan foydalanayotganini, SI 22 foiz respondentning doimiy hamrohiga aylanganini ko‘rsatmoqda, hatto talabalarning 60 foizi SIdan ko‘mak olgan holda o‘z orzusi sari intilmoqda ekan...
To‘g‘ri, SIning ijobiy jihatlari ko‘p. Tez va aniq ishlashi vaqtni, korxona va tashkilotlarni avtomatlashtirish orqali esa xarajatlarini tejaydi. Tibbiyotda kasallik larni erta aniqlash, tahlil qilish va davolash rejasini tuzishda yaqin yordamchi. Ta’lim tizimida esa har bir o‘quvchiga mos individual o‘qitish imkonini yaratib beryapti.
Ko‘plab tahlilchilar SI konlar, atom stansiyalari, kosmos kabi xavfli joylarda inson o‘rnini bosishini aytsa, axborot sohasi vakillari katta hajmdagi ma’lumotlarni tez tahlil qilishini ta’kidlash yapti. Avtopilotlar va aqlli tizimlardagi avariyalar sonini kamaytirishi ham SIning yutuqlaridan biri.
Eng muhimi, u charchamaydi va tanaffussiz ishlaydi. Tabiiyki, bu jihat ish beruvchilar e’tiborini tortmasdan qolmayapti.
Sun’iy aqlning bu qadar tez rivojlanib borishi uning kimlar uchun raqobatchi ekanini prognoz qilish imkonini ham berdi: hisobchi, kadrlar bo‘limi boshlig‘i, g‘aznachi, haydovchi Call markaz operatorlari SIning ilk «qurbon»laridir. Hatto, bugun AQSHdagi yirik kompaniyalarda xodimlarni ishga qabul qilish uchun suhbat o‘tkazish vazifasi ham SIga topshirilmoqda. Xitoyda yo‘l harakatini boshqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini allaqachon robotlar egalladi.
Bu jihatdan SI ish beruvchilarga zo‘r dastyor. Ammo ayrim holatlar bu ishonchning hali yetarli darajada mustahkam emasligini ham ko‘rsatyapti. Yodingizda bo‘lsa, ikki oycha avval, Sun’iy intellekt (SI) atrofidagi shov-shuvlar ta’sirida o‘z xodimlarini qisqartirgan ko‘plab xorij kompaniyalari endi sobiq xodimlarini qayta ishga olishga majbur bo‘layotganini tan olishgan edi. Xususan, Visier tahliliy kompaniyasi ko‘p o‘tmay dunyo bo‘ylab 142 ta bo‘limining 2,4 million ishchisi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, eski xodimlarining qariyb 5,3 foizini ish joyiga qaytardi... Visier bosh tahlilchisi Andrea Derlerning ta’kidlashicha, ko‘plab tashkilotlar uchun sun’iy intellekt «ishdan bo‘shatish uchun qulay bahonaga aylangan», xolos.
Ammo SI kutilganidek samara bermadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar sun’iy intellekt cheklovlari haqiqatiga duch kelmoqda: SI vazifalarning faqat bir qismini bajaradi. Inson aralashuvisiz esa yangi tizimlar samara bermayapti.
Massachusets texnologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotlarning qariyb 95 foizi sun’iy intellektni joriy etishdan hali sezilarli darajada moliyaviy foyda olgani yo‘q. Interactive Brokers brokerlik firmasi eksperti Stiv Sosnikning aytishicha, bu ketishda texnologiyalarga joriy investitsiyalar «eng oqilona tarzda sarflanmasligi mumkin».
Bundan tashqari, SIning xarajatlari
- server uskunalaridan tortib xavfsizlik tizimlarigacha – ko‘pincha kutilgan prognozlardan oshib ketadi. Shuning uchun ham qator kompaniyalar avtomatlashtirishning afzalliklarini qaytadan ko‘rib chiqishmoqda.
Hatto ishdan bo‘shatish kabi oddiy standart tejamkorlik choralari ham ko‘pincha kutilganidan qimmatroqqa tushyapti. Orgvue xodimlarni tahlil qilish va rejalashtirish platformasiga ko‘ra, kompaniyalar to‘lovlar, sug‘urta va bilvosita xarajatlarni hisobga olgan holda tejalayotgan har bir dollarga taxminan 1,27 dollar qo‘shib sarflashyapti.
Xalqaro ekspertlar esa SIning «minus»lari sifatida quyidagilarni keltirishdi:
- katta hajmda ma’lumot to‘plashi sabab shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi yoki noto‘g‘ri ishlatilishiga olib kelishi mumkin
- agar SI noto‘g‘ri yoki biryoqlama ma’lumotlar bilan o‘qitilsa, u adolatsiz qarorlar chiqarishi mumkin (masalan, ishga qabul qilish yoki kredit berishda).
- harbiy sohada yoki kiberhujumlarda ishlatilib, katta xavf tug‘dirishi mumkin...
SUN’IY AQL MUKAMMAL TIZIM EMAS(MI?)
Bugun zamonaviy texnologiyalar bilan bemalol «tillasha» olayotgan yoshlarga chin dildan havas qilasan, kishi. Bir pasda istalgan ma’lumotni topa olishadi. Bugun hatto, ular SI yordamida tarixni ham jonlantirishyapti. Ammo...
Shu o‘rinda sun’iy aqlning o‘z «minus»lari bilan olimlarni ko‘proq xavotirga solayotgani bu – qaramlik va fikrlashning susayishiga olib kelishidir. Tahlillarga ko‘ra, ko‘plab insonlar SIga haddan tashqari suyanib, mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini yo‘qotishyapti. Hatto ilmiy va tadqiqot ishlarida ham SIga murojaat qilinayotgani bu xavotirlar bejiz emasligini ko‘rsatadi.
Tan olaylik, bugunga kelib, fikrlash, tahlil va g‘oyalarga qarshi bir urush ochilganki, biron-bir qurol ishlatmay ham millionlab miyalar «zabt» etilyapti. Aksariyat yoshlarning o‘z hayotini SIga topshirib qo‘ygani esa eng xavfli «front»– internet maydoni qirollariga qo‘l kelyapti.
«Qurbon»lar esa afsuski, oz emas. Millat kelajagi deb atalayotgan avlodning qanchadir qismining fikrlamay qo‘yishi yoki bu borada dangasalikni afzal ko‘rishi, ayniqsa, globallashuv davrida haqiqiy urushdan ham xavfli!
SI asoschilaridan biri Alan Tyuringning o‘zi ham mashinalar inson nazoratidan chiqib ketishi mumkinligi haqida bejiz gapirmagan ekan...
Norbert Viner (kibernetika asoschisi) esa avtomat tizimlar noto‘g‘ri boshqarilsa, insonga qarshi ishlashidan ogohlantirgan. Nik Bostrom (Oksford universiteti) SIning inson nazoratidan chiqishi va global xavfga aylanishi haqida ilmiy tadqiqotlar olib borishga ham ulgurganini alohida ta’kidlash joiz. Taniqli tadbirkor Ilon Mask va Stiven Xokingning intellektual tizim nazoratsiz rivojlansa, insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi haqidagi fikrlari ham insoniyatni yuz berishi mumkin bo‘lgan fojialardan ogohlantirishga o‘xshaydi.
Yana bir gap: ayni paytda MIT, Stanford, Oxford kabi yirik universitetlarda ham SI xavf larini kamaytirish bo‘yicha maxsus markazlar faoliyat yurita boshladi.
KO‘RINMAS «USTOZ»LAR
Yodingizdami, SI yordamida tayyorlangan «kelinlar bozori» videosi ijtarmoqda kutilmagan «qo‘zg‘olon»ni boshlab bergandi. O‘sha «asar»dagi aqlga sig‘mas dialoglaru, sifatsiz tasvirlar milliy qadriyatlarimizga ro‘yi rost oyoq qo‘yish bo‘lgani jamoatchilikning g‘azabini qo‘zitgani bejiz emas edi.
Bir narsa aniqki, erkinlik mas’uliyat va axloq tamo yillari bilan bog‘lanmasa, buzg‘unchilikning ildiziga suv quyadi. Afsuski, bugun axloqsizlik va buzg‘unchilikni sug‘orayotgan ustamonlar aynan SIdan foydalanib, behayo video larni tayyorlashga o‘tdilar. Eng taajjublanarlisi, shundaki, bunday kontentlarning «ashaddiy muxlislari»ga tarbiya, ma’naviyat-u kitob o‘qishdan so‘z ochsangiz, Sizni ovsarga chiqarishadi.
Ammo shunga qaramay, o‘z oldiga juda katta maqsadlar qo‘ygan «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi an’anaviy tadbirlar o‘tkazishdan biroz chekinib, yuqoridagidek bunday holatlarga qarshi keskinroq javoblar qaytarsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ishonchimiz komilki, ushbu markazning SIdan foydalanib, milliy qadriyatlarimizni qadrlash, targ‘ib qilishga doir turli roliklar tayyorlash va yirik ommaviy tadbirlar o‘tkazishga qurbi yetadi. Zero, 2026 yil Budjetnomasida aynan ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun ham Ma’naviyat va ma’rifat markaziga 175 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Vaholanki, bu pulga O‘zbekistonning kamida ikki chekka hududida ikkita maktab qurish mumkin edi.
E’tibor bering: Yoshlar ishlari agentligining birgina «Ibrat farzandlari» loyihasi bugunga kelib, juda katta samara bera boshladi. Yoki bo‘lmasa, yaqindagina tashkil etilgan «Milliy kontent» markazi bolalar uchun milliy mahsulotlar tayyorlab, tarqata boshladiki, bu shubhasiz, real natijalar beryapti. Ammo ko‘plab mutasaddilarning loqaydligi sabab biz o‘z qo‘limiz bilan millat ertasini yaratuvchilarni ko‘rinmas «ustoz»lar qo‘liga topshirib qo‘yyapmiz. To‘g‘ri, bunday holatlardan hushyor tortgan ota-onalar allaqachon o‘z farzandlariga ijtarmoqlarni cheklashmoqda. Ammo farzandi tarbiyasini to‘liq ijtarmoqlarga topshirgan, o‘z o‘rnini Ghatgpt, Alisalarga bo‘shatgan ota-onalar soni ulardan ko‘proq.
Bunday sohib va sohibasi bor oilalarning farzandlari esa kitobga emas turli botlaru, ko‘rinmas «muallim»larga ishonishadi.
Bir hamkasbim yozganidek, bugun yaratish o‘rniga buzish, o‘qitish o‘rniga kuldirish, o‘rgatish o‘rniga uyatsizlikni targ‘ib qilish, ya’ni «laykxo‘r» qilish imi-jimida millat ertasini kemiryapti.
BU XULOSA EMAS...
Olimlarning fikricha, har bir odam miyasida taxminan 14 milliarddan ortiq neyron bo‘lib, ular insonning fikr lashi, dunyoqarashi va aqliy salohiyatining oshib borishida muhim rol o‘ynaydi. Ya’ni aqliy mehnat, ayniqsa, kitob o‘qish neyronlardagi hujayralarni ishlashga majbur qilarkan.
Garvard universiteti kutubxonasi peshtoqiga «Tushlik vaqtini o‘tkazib yuborganingga achinma, lekin kitob o‘qish uchun o‘tkazib yuborilgan vaqt bu katta yo‘qotishdir» degan ibora yozib qo‘yilgan ekan. Chindan ham inson kitob o‘qimay qo‘yganda fikrlashdan to‘xtaydi. Fikrlashdan to‘xtagan kishining esa manqurtdan farqi qolmaydi. SI esa bizdan aynan kitob o‘qishdek qadriyatni tortib olyapti.
Aniqrog‘i, ko‘pchiligimiz shuni o‘zimiz istayapmiz. Bu xato mohiyatini anglash uchun esa dunyoda sodir bo‘layotgan ma’naviyatsizlik, ilmsizlik va, eng yomoni, fikr sizlik oqibatlarini biroz tahlil qilishning o‘zi kifoya. Maqola yakunida bir SAVOL bermoqchimiz: kun sayin ijtarmoq yoki SIga qaramlik orqasidan kelib chiqayotgan olomonlashish fojiasiga kim aybdor? Inson aqli bilan yaratilgan sun’iy aqlmi yoki o‘zimiz?
Mahbuba KARIMOVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 17-dekabr sonidan olindi