Tarixiy ahamiyatga molik qarorlar


458     19.12.2025

Joriy yilning 8-13-dekabr kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida qoraqalpoq xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega qarorlar qabul qilindi. Sessiyada "Qo‘biz yasash va ijrochilik sanʼati" YUNESKOning nomoddiy madaniy merosini zudlik bilan muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, "Qora uy"i "Qirg‘iz, qozoq va qoraqalpoq o‘tovlarini barpo etishga oid anʼanaviy bilim va ko‘nikmalar" qatorida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatidan munosib o‘rin oldi.

Qo‘biz turkiy xalqlar tarixida eng qadimiy cholg‘u asboblaridan biri bo‘lib, uning ildizlari ming yillarga borib taqaladi. Asrlar davomida qo‘biz jirovlar va baxshilar qo‘lida epik dostonlar, xalq taqdiri, orzu-intilishlari va maʼnaviy qudratini aks ettiruvchi muqaddas cholg‘u sifatida yangrab kelgan. Qoraqalpoq jirovchiligida qo‘biz nafaqat musiqa asbobi, balki so‘z, kuy va ruh uyg‘unligini taʼminlovchi badiiy-ruhiy vosita hisoblanadi.

“Qora uy” esa qoraqalpoq xalqining ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turmush tarziga moslashgan anʼanaviy turar joy shakli bo‘lib, u ko‘p qanotli bo‘lishi bilan boshqa xalqlarning o‘tovlaridan ajralib turadi. Yaʼni, ko‘p qanotli “Qora uy”lar tabiat sharoitiga mos qurilgan va ularning har biri aholining ijtimoiy hayoti, oilaviy tartib, mehmondo‘stlik va hamjihatlik anʼanalarini mujassam etib, asrlar davomida shakllangan ijodiy va meʼmoriy tafakkurning yorqin namunasidir.

YUNESKO tomonidan ushbu ikki noyob merosning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishi ularning tarixiy, maʼnaviy va madaniy qiymatini yanada oshirib, kelgusida ilmiy tadqiqotlar, taʼlim dasturlari, ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu esa yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bu qoraqalpoq xalqi uchun ham chuqur maʼnaviy masʼuliyatni yuzaga keltiradi: ajdodlardan qolgan merosni asrab-avaylash, uni rivojlantirish va kelajakka yetkazish har bir qoraqalpoq oilasi va jamosi uchun muqaddas burchdir.

Xalqimizning milliy qadriyatlari, madaniy merosini ko‘z qorachig‘idek asrash va kelajak avlodlarga yetkazish "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, partiyamizning dasturiy maqsadlarida milliy o‘zlikni mustahkamlash, tarixiy merosni muhofaza qilish, uning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish masalalari alohida o‘rin egallaydi.

Taʼkidlash joizki, bu borada qonunchilik faoliyati ham izchil takomillashtirilib borilmoqda. Nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ularni davlat ro‘yxatiga olish, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish, sohada faoliyat yuritayotgan ustalar, sanʼatkorlar va ijod maktablarini rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy normalar ishlab chiqilmoqda. Shu maʼnoda, noyob meroslarimizning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi o‘zlarining isteʼdodi, mahorati va mehnati orqali xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylab, avlodlarga yetkazayotgan jirovlar, qo‘biz ustalari va “Qora uy” chevarlari mehnatiga berilgan baho, munosib eʼtirofdir.
 
Ruslan JUMAMURATOV,
Oliy  Majlis Qonunchilik palatasi deputati