772 23.12.2025
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga asosan 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi hamda birinchi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitida ishtirok etdi.
Yaponiya Imperatori Naruhito bilan uchrashuvda do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bosh vazir, parlament rahbarlari, iqtisodiyot, sanoat, taʼlim va fan vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Toyota, Mitsubishi, Sumitomo kabi yirik yapon kompaniyalari rahbarlari va universitet rektorlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitida yashil energiya, iqlim o‘zgarishi va seysmik xavfsizlik sohalarida hamkorlik takliflari ilgari surildi.
Tashrifning muhim natijasi sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar “kengaytirilgan strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi va bu haqda qo‘shma bayonot qabul qilindi. Energiya, sanoat, axborot texnologiyalari va sog‘liqni saqlash sohalarida qiymati 12 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan yangi loyihalar portfelini shakllantirishga kelishildi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi bilan birga mamlakatimiz uchun iqtisodiy rivojlanish, energiya xavfsizligi, taʼlim va innovatsiyalar, shuningdek, madaniy aloqalar yo‘nalishida muhim imkoniyatlar yaratdi. Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalari hisobiga yangi korxonalar tashkil etilishi, ish o‘rinlari yaratilishi, sanoat salohiyatining oshishi, yashil energiya loyihalarining rivojlanishi va yoshlarning ilm olish imkoniyatlarining kengayishi kutilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosati va uzoqni ko‘ra bilgan rahbarligi tufayli amalga oshirilgan ushbu tashrif O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Baxtishod Rashidov,
partiya Markaziy kengashi mas'ul xodimi