744 24.12.2025
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti kutilganidan ham samarali bo‘ldi. Oliy darajadagi rasmiy uchrashuvlar, Kunchiqar yurtning yetakchi kompaniyalari rahbarilari bilan o‘tgan biznes muloqotlar O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarini kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, yangi tarixiy bosqichga kirishiga zamin yaratdi.
Natijalar haqida gap ketganda avvalo 12 mlrd dollarlik yangi kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirilganini qayd etish joiz. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari eʼlon qilindi.
Gumanitar aloqalarni faollashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bunda taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasi anʼanaviy ravishda ushbu ko‘p qirrali munosabatlarning muhim qismi sanaladi. Sammit doirasida Yaponiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etishga kelishildi. Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish taklif qilindi.
Sammitda so‘zga chiqqan Davlatimiz rahbari bundan 20 yil muqaddam aynan Yaponiya ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lganini qayd etdi. O‘zaro aloqalarimiz Buyuk ipak yo‘li davridan rivojlana boshlaganini, ikki xalqni o‘xshash anʼana va urf-odatlar, qadriyatlar ham yaqinlashtirib turishini taʼkidladi. Bularning barchasi ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, agar kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham o‘z o‘rnidan siljitish mumkin.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palaatsi deputati