Bola huquqlari himoyachisi


727     25.12.2025

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bugun global muammoga aylandi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, har yili 17 yoshgacha bo‘lgan 1 mlrd bola jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Har 4 daqiqada bir bola zo‘ravonlikdan vafot etadi. Jinsiy zo‘ravonlikka uchrayotganlar esa 90 mln.ga yaqin. 550 mln.dan ortiq bola ruhiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchragan onalar bilan birga yashaydi. 1,6 mlrd bolaga esa o‘z uyida jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkaziladi.

Bolalarga “qo‘l ko‘tarish” ko‘plab davlatlarda “tarbiya berish turi” hisoblanadi. Bu ko‘pincha yashirin sodir bo‘ladi va oqibatda bolalarga yordam ko‘rsatilmay qolayotgan holatlar ko‘payadi. Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi 18-noyabrni – “Butunjahon bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqni oldini olish kuni” sifatida belgilagan.

O‘zbekiston 1992-yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilib, milliy qonunchilikni xalqaro talablarga muvofiqlashtirib kelmoqda. 2025-yil 15-mayda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari – jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlik yoki g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va taʼqib etish (bulling) holatlarini taqiqlash belgilangani bois, mazkur qonun bolalar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ilk kompleks huquqiy hujjat, deb baholandi.

Yaʼni, bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, baholash va himoya rejasini ishlab chiqishni davlat zimmasiga yukladi. Jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan esa jazo choralari keskin kuchaytirilib, jabrlanuvchi bolaga ruhiy, tibbiy, huquqiy yordam davlat kafolati sifatida belgilandi. Bundan tashqari, internet makonidagi zo‘ravonlik, kiberbulling, onlayn tahdid va virtual manipulyatsiyalardan bolalarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 15-maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontent yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan axborot makonida bolalar ongi va qalbiga tahdid soluvchi kontentlarni muntazam tahlil qilish, ota-onalar va o‘qituvchilarning media savodxonligini oshirish tizimi joriy etildi.

O‘zbekistonning bu sohadagi tashabbuslari xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilib, joriy yilning 26-may kuni mamlakatimiz bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni tugatish va ularning huquqlarini barcha joyda himoya qilish bo‘yicha dunyo chaqirig‘i – “Bogota harakatga chaqiruvi” global tashabbusiga qo‘shildi hamda rasman bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha milliy majburiyatni qabul qildi.

Mamlakatimiz siyosatida bolalar huquqlari va farovonligini taʼminlash ustuvor vazifalar qatoridan joy olgani bois, BMT Bosh kotibining maxsus vakili Najat Maala xonim Toshkentga qilgan tashrifi chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni “Bola huquqlari himoyachisi bo‘lgan Prezident”, deya eʼtirof etdi. Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 35 foizi bolalardan iborat ekan, ularni himoya qilish masalasi faqat ijtimoiy sohaga tegishli emas, balki adliya, sog‘liqni saqlash, taʼlim, huquqni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya va shu kabi tarmoqlararo yondashuvni talab etadi.

Shu bois, joriy yilning 17-dekabr kuni mamlakatimiz Prezidentining farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha Strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlandi. Unda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning amaliy va tizimli ijrosini taʼminlash bo‘yicha vazifalar belgilanib, bolalar xavfsizligi va qo‘llab-quvvatlanishini kafolatlaydigan barqaror mexanizmni shakllantirishga eʼtibor qaratildi.

Jumladan, 2026-yildan boshlab Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini to‘liq yopish, ularning o‘rniga antiijtimoiy xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlarini tashkil etish, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralararo Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi roli ostida umumiy masʼuliyat sifatida birgalikda belgilangan vazifalarni amalga oshirish, oilalarni mustahkamlash, ijobiy ota-onalikni rivojlantirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tortib barcha taʼlim muassasalarida “xavfsiz maktab” konsepsiyasini joriy etish, shuningdek, bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralarni kuchaytirish, eng muhimi, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yashirish yoki ular haqida xabar bermaslik uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etish taklif etildi. Shu bilan birga, ota-onaning farzand tarbiyasidagi rolini hamda bolalar xavfsizligini taʼminlashga masʼulligini oshirish ham belgilandi. Bu esa zo‘ravonlikni har qanday muhitda – uy, maktab, muassasa, ko‘cha, internet va boshqa joylarda sodir etilishini oldini olishga xizmat qiladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi ota-onaning farzand tarbiyasidagi masʼuliyatini oshirish, bolalar va taʼlim muhiti xavfsizligini taʼminlash borasidagi tashabbusi bugungi kunda davlat darajasidagi bolalar huquqlari va farovonligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy hujjatga aylangani ham bejizga emas.

 

Shahnoza Sultonova,
partiya Markaziy kengashi mas’ul xodim