711 25.12.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilgan “Siyosat maydoni” siyosiy-intellektual ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Markaziy kengashda bo‘lib o‘tgan yakuniy bosqichda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti birinchi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ikkinchi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining Yoshlarga oid yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari ham ishtirok etdi.
Tanlovning asosiy maqsadi talabalarning huquqiy-siyosiy ongini yuksaltirish, ularda siyosiy bahs va muloqot madaniyatini shakllantirish, siyosiy tahlil va texnologiyalarga oid bilimlarni mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlash hamda yoshlarni zamonaviy siyosiy institutlar faoliyatiga jalb etishdir. Shuningdek, tanlov yoshlarning ijtimoiy-siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish va kelajak siyosatchilarining yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan.
Ekspertlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda professional siyosatshunoslarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Dunyodagi eng qudratli davlatlar avvalo, keng qamrovli va yuksak malakali siyosiy elitaga ega davlatlardir. O‘zbekiston oldida turgan muhim vazifalardan biri ham zamonaviy, professional va keng qamrovli milliy siyosiy elitani shakllantirishdir. “Siyosat maydoni” tanlovi ham ushbu maqsad sari muhim qadam hisoblanadi.
Tanlov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 13-noyabrda eʼlon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasining siyosiy tahlili bo‘yicha taqdimotlar namoyishi bilan boshlandi. So‘ngra talabalar ikkita shart – “Siyosiy loyiha taqdimoti” hamda “Munozara” shartlari asosida bellashdilar.
Mazkur shartlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining o‘tgan saylovlardagi ishtiroki, yutuq va kamchiliklari tahlili, g‘alaba qozonish imkoniyatlarini kengaytirishga oid hamda partiyaning kelgusidagi saylovoldi dasturi loyihasiga takliflar berildi. Shuningdek, ishtirokchi jamoalar tanlov ekspertlari tomonidan taqdim etilgan “keys”lar asosida mamlakatimiz hamda xalqaro maydondagi dolzarb siyosiy jarayonlarni muhokama va munozaralar orqali chuqur tahlil qildilar.
Tanlovda “Eng yaxshi tahliliy maqola muallifi”, “Eng yaxshi tahliliy taqdimot”, “Eng yaxshi notiq”, “Eng yaxshi improvizatsiya”, “Eng yaxshi siyosiy tahlilchi” va “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha va siyosiy tashabbus” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, partiya tomonidan munosib taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz: 2023-yilda o‘tkazilgan tanlovning birinchi mavsumida 1500 nafardan ziyod talabalar ishtirok etgan bo‘lib, ular orasidan 36 nafar yoshlar respublika bosqichiga saralab olingan edi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan 10 dan ortiq takliflar esa partiyaning 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturiga kiritilgan edi. Respublika bosqichi ishtirokchilari tashabbusi bilan “Siyosat maydoni” yosh siyosatchilar klubi ham tashkil etilgan.
Hamdam Niyozov,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i