Bosh masala - millat salomatligi


572     25.12.2025

2023-yili global sog‘lomlik iqtisodiyotining umumiy miqdori taxminan 6.3 trillion dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2024-2025 yilda bu ko‘rsatkich 6.8 trillionga yetgan.

Xalqaro tahlilchilar esa 2028-yilgacha ushbu ko‘rsatkichning 9 trillionga yetishini taxmin qilmoqdalar. Bundan tashqari, yil davomida turli davlatlarda o‘tkaziladigan sport musobaqalari, salomatlik marafonlari ham targ‘ibot vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonda ham sog‘lom turmush tarzi konsepsiyasi oddiy ijtimoiy masaladan shaxsan Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan umummilliy yo‘nalishga aylandi.

Xususan, 2018-yilning 30-oktyabrida imzolangan «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon keng ko‘lamli islohotlarga start berib, burilish nuqtasiga aylangan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay ushbu tashabbus ommaviy sportni ommalashtirishga asos bo‘ldi.

«Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi esa fuqarolarning sport bilan shug‘ullanish huquqi va imkoniyatlarini, shuningdek, davlat organlarining shart- sharoit yaratish bo‘yicha majburiyatlarini ham mustahkamladi.

Shu o‘rinda «O‘zbekiston - sog‘lom jamiyat mamlakati» davlat dasturi esa sog‘liqni saqlash va sportdan tortib ta’lim hamda madaniyatgacha bo‘lgan barcha soha-tizimlar sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi yo‘l xaritasiga aylandi.

Shu bilan birga «Qadamma-qadam» tamoyili asosida mahallalarda «Sport maydonchalari» tashkil etilib, chekka hududlarda ham basseynlar, stadionlar va yopiq sport majmualarini qurish hamda ularni kapital ta’mirlash real natijalar bera boshladi. Ayniqsa, Toshkent shahrida faol harakatlanish uchun qulay velosiped yo‘laklari va piyodalar hududlarini barpo etish tashabbusi xalqimiz tomonidan yaxshi kutib olindi.

E’tiborli tomoni, xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun yirik sport inshootlarini renovatsiya qilish va modernizatsiyalash mamlakatimizning ijobiy imijini yaratishga xizmat qildi.

Bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom turmush tarzini yaratish va targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbus va ajratilayotgan mablag‘ millat kelajagiga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyadir. Jismonan sog‘lom, ruhan barqaror va faol avlodni tarbiyalash esa raqobatbardosh, zamonaviy va farovon davlat barpo etish bo‘yicha ulkan maqsadlarni ro‘yobga chiqarishning kafolatidir. Bu boradagi natijalar esa allaqachon ko‘zga tashlanmoqda: ko‘chalarda yugurayotgan yoki velosiped haydayotganlar soni ham oshyapti. «Sport maydonchalari» esa doimo gavjum.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun O‘zbekistonda sog‘liq qadriyatga aylanmoqda. Eng asosiysi, sog‘lom turmush tarzi oddiy tavsiya emas, balki Yangi O‘zbekiston falsafasiga aylanyapti.

 

Ilhom ABDULLAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati