Yuksalish marralari — farovonlikning mustahkam poydevori


599     26.12.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi ertangi kunimizni belgilab bergan haqiqiy “yo‘l xaritasi” bo‘ldi. Bu nutq islohotlarimizni yangi bosqichga olib chiqishda katta turtki berishi, shubhasiz.

Davlatimiz rahbari ochiq va samimiy ruhda bugungi yutuqlarni ham, oldimizda turgan vazifalarni ham aniq ko‘rsatib berdi. Biz, deputatlar uchun bu Murojaatnoma saylovchilarimiz oldidagi hisobdorlik va yangi marralar sari bel bog‘lab ishlash uchun katta kuch bo‘ldi.

Iqtisodiyotimiz haqida gapirganda, ko‘pchiligimiz uchun avvallari 100 milliard dollarlik marra ushalmas orzudek tuyulardi. Lekin, mehnatimiz mevasi o‘laroq, bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bu shunchaki katta raqam emas, bu — yurtimizda minglab yangi korxonalar ochilgani, odamlarimizning ishli bo‘layotganidan dalolat. Eksportimiz ham 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetgani dunyo bozorida o‘zbek mahsulotiga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Yana bir quvonarli tomoni, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi. Bu degani, ertaga qanday sinov kelmasin, davlatimizning barqarorligini ta’minlashga qurbi yetadi. Chet eldan 43,1 milliard dollar investitsiya kirib kelgani esa investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan katta ishonchidan. Bu mablag‘lar yurtimizda yangi zavodlar, ish o‘rinlari deganidir. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi qariyb 32 foizni tashkil qilyapti, bu esa kelajakda ham iqtisodiyotimiz barqarorligiga zamin bo‘ladi.

Dunyo hamjamiyati ham O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib turibdi. Xalqaro reyting agentliklari suveren reytingimizni “BB-”dan “BB”ga ko‘targani biz uchun juda muhim yutuq bo‘ldi. Prezidentimiz aytganidek, bu oddiy raqam emas, balki chetdan keladigan kreditlarning foizi 1-1,5 punktga arzonlashi deganidir. Natijada tashqi qarz xarajati yiliga 250-300 million dollarga kamayadi — bu tejalgan pullarni maktab va shifoxonalar qurishga ishlatsa bo‘ladi. Shuningdek, texnologik rivojlanish bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 10 ta davlati qatoriga kirganimiz ham katta sharaf.

Xalqimizni eng ko‘p qiynaydigan masala — bu infratuzilma. Bu yil energetikada katta burilish qilinib, elektr ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi. Eng muhimi, 715 ming aholi xonadoniga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi, yana millionlab odamlarning suv ta’minoti yaxshilandi. Odamlarimizning yashash sharoitini yaxshilash uchun 8 million kvadrat metrdan ortiq ko‘p qavatli uylar qurildi. Xalqimiz ham qarab turmasdan, o‘z sharoitini yaxshilash uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qilgani yurtimizda to‘kinchilik va baraka borligini ko‘rsatadi.

Eng katta yutug‘imiz — odamlarning turmushi o‘zgarayotganida. Bu yil 5 million aholimiz daromadli bo‘ldi, ishsizlik esa 4,9 foizga tushdi. 1,5 millionga yaqin vatandoshimiz kambag‘allikdan chiqarildi, 1,5 mingga yaqin mahallamiz kambag‘allikdan xoli hududga aylandi. Ilgari aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashagan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 5,8 foizgacha tushgani davlatimizning odamlarga bo‘lgan g‘amxo‘rligi natijasidir. Bu — 2026 yilga qo‘yilgan rejani muddatidan oldin uddalaganganini bildiradi.

Prezidentimiz belgilab bergan yangi marralar — 2030-yilgacha YAIMni 160 milliard dollarga, kelgusi besh yilda esa 240 milliard dollarga yetkazish rejasi biz uchun katta mas’uliyatdir. Bu natijalarga erishish uchun bizda ham kuch, ham salohiyat bor. Biz, xalq vakillari, joylarda odamlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va iqtisodiy o‘sishni har bir xonadon sezishi uchun bor kuchimizni safarbar etamiz. Zero, xalqimiz rozi bo‘lsa, ishimizda unum va yurtimizda tinchlik-xotirjamlik bardavom bo‘ladi.

 

Farhod ZAYNIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.