564 27.12.2025
O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasining avvalgilardan farqli tomoni shundaki, unda nima uchun O‘zbekiston davlat sifatida 15 yil oldingi, hatto 5 yil avvalgi O‘zbekiston emasligi tahlillar asosida ochib berildi.
Boshqacha aytganda Murojaatnomada O‘zbekistonni yangi davrga olib borish bo‘yicha olti bosqichdan iborat yo‘l ko‘rsatib berildi. Bu yo‘l O‘zbekistonni Yangi O‘zbekistonga aylanish qudratini, Yangi O‘zbekiston bo‘lish mas’luyatini ham iqtisodiy, ham siyosiy nuqtayi nazardan shakllantirish masalalarini ham belgilab berdi. Albatta, Murojaatnomada parlament oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi. Ma’lumki, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotini bevosita Konstitutsiyamizga, xalqimiz manfaatlari va qonunlarga mutanosib ravishda shakllantirib borishi kerak. Ammo afsuski, juda ko‘p qonunlarimiz bugungi real rivojlanish talablarining ortidan ergashib ulgurolmayotgandek. Nazarimda, shuning uchun ham parlament zimmasiga qonunlarni o‘zgartirish, ularni zamonaviy global chaqiruvlarga moslashtirishdek og‘ir mas’uliyat yuklatildi.
Murojaatnomada ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tahlil qilib, uni hech bir ikkilanishlarsiz tarixiy murojaat deb atash mumkin. Ko‘rib turibmizki, keyingi yillarda O‘zbekiston dunyoda o‘z o‘rnini qat’iy himoya qila boshladi. Manfaatlarimiz ham, mamlakatimizga jahon hamjamiyati tomonidan bo‘lgan qarash ham o‘zgardi.
Zero, bugunga kelib, O‘zbekiston bilan dunyoning eng qudratli kuchlari ham maslahatlashayapti, fikrlashayapti. O‘zbekistonning tashqi siyosati Markaziy Osiyoni ham o‘zgartirdi. Mintaqadagi iqtisodiy manfaatlar bilan birga Markaziy Osiyoga dunyoning qarashi ham o‘zgardi. O‘zbekistonning mustaqillikka erishgan davrlariga qarasak, katta resurslar, tarixiy imkoniyatlar bo‘la turib, o‘z darajamizda rivojlanmagan davrlarda yashaganimizga ishonch hosil qilamiz. Keyingi yillarda esa boy berilgan imkoniyatlarni qaytarishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston islohotlarining samarali natijalarini ko‘ryapmiz.
Ha, chindan ham bugun O‘zbekiston global nuqtayi nazardan o‘z o‘rnini topdi. O‘z siyosatiga, o‘z so‘ziga, eng asosiysi, o‘z manfaatlarini katta davralarda himoya qilish salohiyati va imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Masalan, keyingi 10 kun ichida O‘zbekiston yetakchisi dunyoning eng kuchli uchta markazi - Rossiya, Yaponiya va AQSH davlat rahbarilari bilan muloqot qildi. Bu oddiy emas, aksincha, jiddiy voqelikdir.
E’tibor bering: bundan 5 yil oldin davlat budjeti daromadlari 150 trln so‘m atrofida edi. Yaqinda biz 2026-yilgi davlat byujetini tasdiqladik va unda Yangi yilga mo‘ljallangan budjet 500 trln so‘mdan ortiq bo‘lishi belgilandi. Albatta, bu raqam milliy iqtisodiy taraqqiyotimiz bilan bog‘liq. Bu ko‘rsatkichlar jamoatchiligimiz, xalqimiz dunyoqarashi, fikri, siyosiy tafakkuri va ongi tubdan o‘zgarganini ham ko‘rsatadi. Bugun yoshlarimiz ham boshqacha fikrlashyapti.
Mamlakat siyosiy maydonidagi muhit ham o‘zgargan. Partiyalar faoliyatida ham jur’atli va ochiq bir siyosatni ko‘ryapmiz.
Aynan ana shunday muhitda O‘zbekiston Prezidentining Murojaati juda katta siyosiy ahamiyatga ega. Biz endi yangi strategiyani belgilashimiz kerak. Endi O‘zbekiston yangi realliklarda, yangi davrda, yangi chaqiruvlar maydonida qanday bo‘lishi kerak? Zero, O‘zbekiston endi avvalgi O‘zbekiston bo‘lolmaydi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda har doim milliy qadriyatlar, milliy manfaatlarimiz ustuvor bo‘lgan. Bundan keyin ham shunday bo‘lishiga ishonchim komil. Bugungi murojaat milliy manfaatlarimizni himoya qilish va milliy qadriyatlarimizni taraqqiyotga eltuvchi chaqiriq bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Alisher QODIROV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi