683 27.12.2025
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb nom berilishi tadbir ishtirokchilari tomonidan bejiz qizg‘in qo‘llab- quvvatlanmadi. Chindan ham jamiyat rivoji uchun eng avvalo, asosiy bo‘g‘in sanalgan mahalla faoliyati yanada kuchaytirilishi lozim.
Zero, alohida ta’kidlanganidek, mahalla - bu nafaqat aholining yashash joyi, balki jamoatchilikning birdamligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning asosiy ustuni hamdir.
Shuning uchun ham Yangi O‘zbekistonda mahallaga xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida e’tibor qaratilyapti. Mahallada “yettilik” tizimining joriy qilingani esa islohotlar samaradorligini oshirdi, ushbu tizim orqali 100 dan ortiq xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi va Murojaatnomada qayd etilganidek, 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, ishsizlik darajasi esa ikki barobarga qisqardi.
Partiyamizning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham mahalla tizimini xalqchil bo‘g‘in hamda uni fuqarolar, jamiyat va davlat hayotidagi tub o‘zgarishlar taqdirini hal qiluvchi kuchga aylantirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surilib, ulardan biri mahalla oqsoqoli vakolat muddatini besh yilga uzaytirish bilan bog‘liq edi.
Shu yilning fevral oyida qabul qilingan qonun bilan fuqarolar yig‘ini raisining vakolati muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi va bu bilan saylovoldi dasturimizga kiritilgan muhim bir taklifning hayotiyligi ta’minlandi. Prezidentimizning yetti emas, yetmish marotaba o‘lchab - uzoqni ko‘zlab olib borayotgan bunday siyosati, xususan, yil nomidan kelib chiqib, qabul qilinadigan dastur, yangilanadigan strategiya hamda xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan boshqa vazifalar ijrosi barcha yurtdoshlarimiz qatori partiyadoshlarimiz, ayniqsa, barcha darajadagi deputatlarimiz zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi.
Akmal JUMABOYEV,
Markaziy kengash raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi