852 27.12.2025
Murojaatnomada keyingi yillarda raqamli texnologiyani kengaytirish, sun'iy intellektni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilishi bejizga ta’kidlanmadi.
Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalar tez kirib boryaptiki, IT barcha sohalar rivojida lokomotiv vazifasini o‘tamoqda. Natijalar esa nihoyatda salmoqli: qisqa vaqt ichida IT-park rezidentlari coni 3 mingga yaqinlashdi, raqamli texnologiya 40 ming nafardan ortiq yoshlar uchun yuqori daromad manbaiga aylandi. Buning isbotini keyingi 5 yilda soha eksporti 170 mln dollardan 1 mlrd dollarga yetganidan ham bilish mumkin. 2030-yilga borib, IT xizmatlar eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish reja qilingan. O‘tgan yili «Global startaplar indeksi» reytingida O‘zbekiston 12 pog‘onaga yuqorilab, «TOP- 100»likka kirgani, «Sun’iy intellektga tayyorlik» xalqaro indeksida esa 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egallaganimiz bu boradagi sa’y-harakatlarimiz natijasidir.
Tarixiy Murojaatnomada kelgusi yildan xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha foizsiz ssuda berilishi ta’kidlandi.
Markaziy bankda Moliyaviy texnologiyalar ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb qilinishi haqidagi tashabbus esa yiliga 20-30 ta moliyaviy texnologiyalar startapni tashqi bozorga olib chiqish va ularga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bugun minglab iqtidorli yoshlarimiz IT va sun’iy intellekt bo‘yicha izlanish olib borayotgan ekan, ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etiladi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi