Rejalar aniq, maqsadlar esa oliy


712     27.12.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi - nafaqat kelajakdagi rejalar majmui, balki ortga qaytmas, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi siyosiy- huquqiy hujjat hamdir.

Murojaatnoma barcha hamyurtlarimiz qatori bizni, ya’ni, konservativ g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlovchi partiya vakillarini ham nihoyatda quvontirdi. Zero, Prezident nutqida avvalo, milliy qadriyatlarimiz munosib e’tirof etilib, tinchlik, halollik va Inson qadri, ayniqsa, dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlarda yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik kabi milliy va ayni paytda umuminsoniy qadriyatlar ko‘p vektorli siyosatimiz o‘zagida mujassam ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi. Davlat va jamiyat boshqaruvidagi yangi siyosiy muhit, barcha sohalardagi tub o‘zgarishlarni, albatta, parlament, siyosiy partiyalar hamda mahalliy Kengashlarning faolligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Zero, o‘tgan davrda ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratining kuchayishi, vakillik organlari vakolatlarining kengayishi tom ma’nodagi yangi xalq vakilligi tizimini shakllantirdi Prezident tomonidan endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullashni ham Parlament vakolatiga o‘tkazish bo‘yicha berilgan taklif davlat moliyasi boshqaruvida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlaydi. Ayniqsa, bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanishi haqidagi taklif sog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga, narxlarning sun’iy oshirilishi, isrofgarchilik va korrupsiyaning esa oldi olinishida samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

Prezident nutqidagi yana bir yangilikka to‘xtalib o‘tsak. O‘tgan davrda Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida yillar davomida partiyani qiynab kelgan muammoga nuqta qo‘yildi. Ya’ni viloyat, tuman, shahar hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarining bir-biridan ajratildi. Hokimlar va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarining bir-biridan ajratilishi jarayoni 2026-yildan 208 ta tuman va shaharlarni ham qamrab olishi, shubhasiz, demokratik islohotlarning tizimliligini ko'rsatadi. Prezidentimizning “bundan buyon deputat so'rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo'yilgan holatlar bo'yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi” degan ta'kidlari o'ylaymizki, har bir mansabdorni javob bermagan so‘rovlari haqida o‘ylashga majbur qiladi. Zero, deputat so‘rovi bu xalq so‘rovidir.

 

Feruza MUHAMMEDJANOVA,
Markaziy kengash raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi