897 27.12.2025
Milliy taraqqiyotimizning muhim bosqichlari chuqur tahlil qilingan Murojaatnomada bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish katta marra etib belgilangani, ammo joriy yilda tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollardan oshganiga alohida urg‘u berildi. Bu shubhasiz, jamiyatning ulkan bunyodkorlik ishlarga qodir ekanini yaqqol namoyon etmoqda.
Global savdo tizimida «o‘yin qoidalari» o‘zgarib borayotgan bir sharoitda eksport hajmi 23 foizga ko‘payib, 33,4 milliard dollarga yetkazilgani, eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bora 60 milliard dollardan oshgani ham faxr bilan tilga olindi. Iqtisodiyotimizga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 43,1 milliard dollardan oshibdi. Qayd etilishicha, jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizga yetibdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotimizning kelgusi yillarda ham yuqori sur’atlar bilan barqaror rivojlanishiga mustahkam zamin yaratishi ham bejiz ta’kidlanmadi.
Murojaatnomada xalqimizning tarixan shakllangan birdamlik va hamjihatlik qadriyatlariga ham alohida urg‘u berildi. Qanchalik og‘ir sinovlar bo‘lmasin, xalqimiz har doim birdamlikdan kuch olgan, mahalla va qo‘ni-qo‘shnichilik asosida qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Murojaatnomada millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan yagona g‘oya - bu Vatan va xalq manfaati ekaniga urg‘u berildi. Ushbu buyuk maqsadga erishishda esa mahalla tizimining o‘rni beqiyos, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘lishi, mahalla rivojlansa, butun mamlakat yuksalishi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning oltinchi Murojaatnomasida belgilangan vazifalar «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarga hamohang ekanini qayd etish joiz. Zero, partiya dasturida ham mahallalarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish masalasi ham Murojaatnomada ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sanoatda avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada aqlli texnologiyalar va transportda intellektual boshqaruv kundalik hayotga kirib keldi. Shu sababli mamlakatimiz mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi lozim. Bu jarayonda texnikumlarga zamonaviy muhit yaratuvchi institut sifatida qaralmoqda. Qayd etilishicha, 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, talab yuqori kasblarga mos jihozlanadi.
Ilg‘or ta’lim tajribasini hisobga olgan holda, 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg'or kasbiy mahorat texnikumi va «Kasblar shaharchasi» faoliyati yo'lga qo'yiladi. Shu bilan birga texnikumlar va ish beruvchilar o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi. «Dual ta’lim»ni samarali tashkil qilgan korxonalarga esa 7 yil muddatga 5 milliard so'mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, tadbirkorlik reytingida esa qo'shimcha 5 ball beriladi, ishga olgan texnikum o‘quvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi. Shu bilan birga, 2026-yildan boshlab «dual ta’lim» asosida o‘qiyotgan 100 ming o‘quvchiga stipendiya berila boshlanadi, «a’lo» baholarga o‘qiyotganlar esa oshirilgan miqdordagi stipendiya oladilar.
Murojaatnomadan o‘rin olgan loyiha va tashabbuslar mamlakatimizning barqaror rivoji, iqtisodiy mustahkamlik va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, mahallalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab- quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, texnikumlar va kasbiy ta’limni zamonaviy talablarga moslashtirish, shuningdek, startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar kelgusi yillarda xalqimiz farovonligini oshirish va yoshlarimizning raqobatbardoshligini ta’minlashga keng imkonlar yaratdi.
«Bugun sizlarga, sizlar orqali butun el- yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman. Bugun tarix va hayot bizga buyuk mas’uliyat yuklamoqda. Jonajon Vatanimiz mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda. Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib harakat qilaylik, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Men mard va olijanob xalqimizga, O‘zbekistonning beqiyos kuchi va yoshlarimizning azm-u shijoatiga ishonaman. El-yurt manfaati yo'lida fidoyi mehnat qilayotgan har bir insonga chin dildan minnatdorchilik bildiraman», - dedi Prezidentimiz Murojaatnoma yakunida.
Ishonchimiz komilki, Yoshlarga qaratilgan ushbu da’vat va tilaklar ularning yangi marralarni egallashlarida beqiyos rag'bat bo'lib xizmat qiladi.
Nargiza HAMIDOVA,
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi