675 27.12.2025
Yangi yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahallaning mamlakat taraqqiyotidagi hal qiluvchi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Yangi davlat dasturi doirasida 9 mingdan ortiq mahallani har tomonlama rivojlantirish, ularni mehr-oqibat, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.
So‘nggi yillarda mahalla haqiqatdan ham xalqimizga xos bo‘lgan o‘ziga xos boshqarish instituti, ijtimoiy birdamlik, o‘zaro yordam va tarbiya maskaniga aylandi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda ham mahalla tizimi aholini birlashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etishda muhim omilga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l, suv, elektr ta’minoti, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga katta mablag‘lar ajratilayotgani aholining turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi. Qoraqalpog‘iston sharoitida bu tashabbuslar dolzarb bo‘lib, chekka hududlardagi mahallalarni obod qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Mahallada sanoat va xizmat” loyihalari, mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin- qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi. Shu bilan birga, kitobxonlikni rivojlantirish, sport infratuzilmasini kengaytirish orqali sog‘lom va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga keng yo‘l ochiladi.
Ishonamanki, bir yoqadan bosh chiqarib, Vatan manfaatini eng oliy qadriyat sifatida belgilab olsak, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ulkan maqsadlarga, albatta, erishamiz. Bunda mahalla - taraqqiyotimiz, birdamligimiz va milliy tiklanishimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.
Tajibay ROMANOV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Joqorg‘i Kenges deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi