639 27.12.2025
2026-yilga «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb nom berilishi mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rnini tubdan kuchaytirishga qaratilgan kompleks yondashuv ilgari surilishini ko‘rsatadi. Prezidentimiz alohida qayd etganlaridek, yangi yildan har bir viloyatda 2-3 tadan tuman tanlab olinib, ushbu tumanlardagi mahallalar muammosi bir vaqtning o‘zida hal etilishi esa hududlar imkoniyati kuchaytirilishidan dalolatdir. Bu jarayonda tadbirkorlikni rivojlantirish ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu maqsadlar uchun esa barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratiladi.
Murojaatnomada deputatlarga o‘z saylov okruglaridagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m ajratilishi, shuningdek, «yashil hudud» va «yashil bog‘» tashkil etish bo‘yicha har bir deputat tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi esa hududiy tashabbuslarning moliyaviy jihatlari mustahkamlanayotganiga ishora, albatta. Shu bilan birga, 2026-yildan 208 ta tuman va shaharda hokimlar hamda mahalliy Kengashlar raislari lavozimlarining ajratilishi deputatlik mas’uliyatini oshiradi.
Eng muhimi, yangi yildan deputatlik so‘rovlarining ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladigan bo‘ldi.
Murojaatnomada ta’lim va tibbiyot sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish hamda ushbu tizimlarni raqamlashtirish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro standartlar asosida hamshiralar tayyorlash hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yangi bosqichga olib chiqadi, albatta. Ta’lim va tibbiyot sohalaridagi ushbu yangilanishlar esa aholiga mahallaning o‘zida sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbuslar mahalla institutini yanada rivojlantirishga, jamiyatni ilm, ta’lim va sog‘lom avlod orqali yuksaltirishga xizmat qiladi.
Demak, endigi vazifamiz islohotlarni mahallalarda, ta’lim va tibbiyot muassasalarida izchil amalga oshirilishida faol ishtirok etishdan iboratdir.
Rashid RO‘ZIBOEV,
Xorazm viloyat Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi