Deputat so‘rovi shunchaki hujjat emas


560     28.12.2025

Prezident Murojaatnomasi davlat boshqaruvi va iqtisodiy siyosatga bo‘lgan yondashuvlar tubdan takomillashayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Shu bilan birga parlament va deputatlar zimmasidagi mas’uliyatni ham aniq va ravshan ko‘rsatib berdi.

Albatta, jamiyat taraqqiyoti, eng avvalo, qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi, joylardagi real o‘zgarishlar va xalqning kundalik hayotida sezilayotgan natijalar bilan o‘lchanadi.

Shu nuqtayi nazardan, parlament va mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirish, deputatlik nazoratini real mexanizmga aylantirish dolzarb vazifa sifatida qayd etildi. Jumladan, deputatlik so‘rovlari ijrosini har chorakda tizimli tahlil qilish hamda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritish mexanizmining belgilanishi deputatlik nazoratini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Ya’ni, deputat so‘rovining faqat rasmiy hujjat bo‘lib qolmasdan, real natija beradigan, ijro intizomini mustahkamlovchi samarali vositaga aylanishini ta’minlaydi.

Bu esa xalq bilan muloqotni yanada kuchaytirish, murojaatlar va muammolarga joyida yechim topish talabini yanada oshiradi.

Shu ma’noda, Prezident Murojaatnomasi biz deputatlar uchun aniq dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, joylarda islohotlarning amaliy natijasini ko‘rish va aholi bilan ochiq muloqotda bo‘lish bugungi kun talabi hisoblanadi.

Murojaatnomada belgilangan vazifalarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi esa, shubhasiz, xalq farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladi.

 

partiyaning Toshkent shahar Kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 27-dekabr sonidan olindi