Xalq ichidagi gaplar va xohish-istaklar aks etgan Murojaatnoma


654     28.12.2025

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichiga yo‘naltirilgan muhim siyosiy hujjat sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Unda har bir soha va yo‘nalishda aniq va puxta ishlangan strategiya bilan ish ko‘rish, va eng asosiysi xalq ichidagi gaplar va odamlarning xohish-istaklariga eʼtibor qaratildi.

Murojaatnomada ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri bu intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Maʼlumki hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda esa mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, bu jarayonlar bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarurligi alohida qayd etildi.

Yana bir masala bu – mehnat bozoriga kerakli kadrlar tayyorlash masalasi bo‘ldi. Maʼlumki, mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelyapti. Murojaatnomada qayd etilishicha endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar “onlayn” tarzda ko‘rinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.

Qayd etish kerak, bugun aholini qinab kelayotgan va yechimini kutayotgan muammolardan biri bu yo‘llardagi tirbandlik masalasidir. Bugun shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etilishi maʼlum qilindi. Endi katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Shundan kelib chiqib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi qayd etib o‘tildi. Shu bilan birga poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi, shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentmizning Murojaatnomasi jamiyat kayfiyatini aniq his qilgan holda xalq ichidagi gaplar va odamlarning xohish-istaklari aks etgan muhim chiqish bo‘ldi. Albatta o‘tgan 2025-yil ko‘plab yutuqlarga va tarixiy natijalarga boy yil bo‘ldi. Murojaatnomani tinglab, shuni aytish mumkinki kelgusi 2026-yil bundanda samarali, yangidan yangi marralarni zabt etadigan yil bo‘ladi.

 

Hamdam NIYOZOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i