Xalq farovonligi yo‘lida yangi imkoniyat


716     29.12.2025

Kuni kecha Prezidentimiz Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga Murojaatnoma yo‘lladi. Xalq vakili sifatida ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatdim va har bir soha bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar mening deputatlik faoliyatim uchun ham muhim yo‘nalishlar sifatida namoyon bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat, tibbiyot, ijtimoiy himoya, ta’lim, sun’iy intellekt va kelajak avlod farovonligi uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan strategik dasturlarni alohida e’tiborga oldi. Bu tashabbuslar nafaqat mamlakatimizni rivojlantirishga, balki har bir fuqaro hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xususan, davlatimiz rahbarining tashqi qarz masalasida parlament vakolatlarini kuchaytirish bo‘yicha taklif milliy qonunchilikning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Endi davlat kafolati ostida qarz olish bo‘yicha qarorlar ham Oliy Majlisning nazorati ostida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishning qonuniy asoslari yanada aniq belgilanishi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarining bir-biridan ajratilishi tizimi 2026-yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi. Murojaatnomada alohida e’tibor ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratildi. Xotin-qizlarning qadr-qimmati, farzandlarimizning xavfsizligi va oilaning muqaddasligi – bu nafaqat tarixiy va ma’naviy qadriyatimiz, balki jamiyatimizning barqarorligi uchun ham asosiy mezon.

Davlatimiz rahbari ayollar va bolalarga qarshi zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha barcha davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari birgalikda ishlashi zarurligini ta’kidladi. Shu yo‘nalishdagi respublika muvofiqlashtiruvchi kengashning samarali tizimi buning uchun muhim vosita bo‘ladi.

Ushbu Murojaatnoma – har bir deputat uchun xalq manfaatlarini himoya qilish, qonuniy nazoratni kuchaytirish va jamiyatimiz farovonligini oshirish yo‘lida yangi imkoniyat. Har bir tashabbus amaliy natijaga yo‘naltirilgan, biz deputatlar esa ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz zarur.

 

Dilnoza AZIZOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati