1113 29.12.2025
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasini tinglab, bir narsaga amin bo‘ldim: mamlakatimiz taraqqiyoti mutlaqo yangi bosqichiga o‘tmoqda. Bu shunchaki hisobot emas, balki aniq raqamlar va inson qadri aks etgan strategiyadir.
Murojaatnomada tilga olingan bir necha hayotiy nuqtalarga eʼtibor qaratish lozim.
Iqtisodiy barqarorlik: YAIM hajmining 145 milliard dollardan oshishi va oltin-valyuta zaxiralarimizning 60 milliard dollarga yetishi iqtisodiyotimizning har qanday tashqi xavf-xatarlarga chidamliligini ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkichlar hududlarni rivojlantirish va ijtimoiy loyihalar uchun mustahkam poydevordir.
Kambag‘allikni qisqartirish: kambag‘allik darajasining 5,8 foizga tushgani so‘nggi yillardagi islohotlarning eng katta natijasidir. Bu raqam ortida yuz minglab oilalarning farovonligi va bolalarning kelajagi turibdi.
Shaffof boshqaruv: 2026-yildan boshlab davlat xizmatlarining yagona platformaga o‘tishi va sunʼiy intellektning joriy etilishi byurokratiyani jilovlashda tub burilish yasaydi. Endi har bir murojaat va ijro jarayoni xalqimiz uchun ochiq va shaffof bo‘ladi.
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, islohotlarning bosh maqsadi – inson qadrini ulug‘lash. Belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, qonun ustuvorligiga erishish va xalqimizning hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilish bugungi kundagi eng oliy masʼuliyatimizdir.
Odiljon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati