Demokratik taraqqiyotning yangi bosqichi: kuchli parlament va kengaygan jamoatchilik ishtiroki


807     30.12.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim siyosiy-huquqiy dastur sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi. Bugun u mamlakatda progressiv islohotlarni boshlash va ularni izchil davom ettirishga xizmat qilayotgan ta’sirchan siyosiy institut sifatida maydonga chiqdi. Murojaatnomada 2026 yil hamda keyingi besh yillik davr uchun strategik ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi.

Murojaatnomada davlat boshqaruvini isloh qilish, jamiyatda ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar o‘zaro bog‘liq va izchil tizimda bayon qilingan.

Ayniqsa, 2026-yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilgani Murojaatnomaning bosh g‘oyasini yaqqol ko‘rsatadi: islohotlarni faqat markaziy boshqaruv orqali emas, balki joylarda – mahalla instituti va mahalliy vakillik organlari ishtirokida chuqurlashtirish. Bu yondashuv demokratik islohotlarning ijtimoiy tayanchini mustahkamlaydi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni amalda oshiradi.

Shuningdek, 2025-yildagi iqtisodiy natijalar islohotlarning amaliy samarasi ko‘rinayotganini tasdiqlayotgani qayd etildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollarga yetdi. Mazkur dinamikadan kelib chiqib, 2030 yilga mo‘ljallangan 200 milliard dollarlik marraga chiqish imkoniyatlari yetarli ekani, ayni paytda mamlakatning iqtisodiy salohiyati va real imkoniyatlarini hisobga olgan holda ushbu ko‘rsatkichni 240 milliard dollarga yetkazish ham mumkinligi ta’kidlandi.

Shu nuqtayi nazardan, Murojaatnomada parlament va deputatlar faoliyatiga oid ustuvor masalalar alohida o‘rin tutganini qayd etmoqchiman. Zero, demokratiyaning sifati qonun chiqaruvchi hokimiyatning mustaqilligi, ta’sirchan nazorat vakolatlari hamda deputatlarning haqiqiy vakillik missiyasini to‘liq bajarishiga bevosita bog‘liq. Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar parlament nazoratining institutsional asoslarini mustahkamlash, budjet va davlat moliyasi sohasida hisobdorlikni oshirish, mahalliy darajada hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Avvalo, parlamentning davlat siyosatidagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qiladigan aniq mexanizmlar taklif etilmoqda. Xususan, davlat kafolati ostida jalb etiladigan tashqi mablag‘larni parlament tasdig‘idan o‘tkazish amaliyotini joriy etish – budjet intizomi va moliyaviy mas’uliyat nuqtayi nazaridan muhim qadamdir.

Bu yondashuv davlat qarzi masalasini faqat ijro hokimiyati doirasida hal etish emas, balki jamoatchilik manfaatlarini ifoda etuvchi vakillik organi muhokamasi orqali qarorga aylantirishga xizmat qiladi. Natijada tashqi moliya resurslarini jalb etishda “maqsad – samara – javobgarlik” zanjiri mustahkamlanadi, strategik loyihalar tanlovi yanada asosli bo‘ladi, iqtisodiy hamda siyosiy hisobdorlik yuksaladi.

Shu bilan birga, davlat xaridlari va shaffoflik masalalaridagi yondashuv parlamentchilik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishni faqat qonun bilan cheklash zarurligiga urg‘u berilgani korrupsiya xavflarini tizimli kamaytirishga qaratilgan prinsipial pozitsiyadir.

Bu yerda parlamentning roli yanada kengayadi: bir tomondan, u qoidalarni belgilaydi, ikkinchi tomondan, ularning amaldagi ijrosini nazorat qiladi. Demak, har bir deputat “shaffof xarid – adolatli raqobat – samarali davlat xarajati” tamoyilini qonunchilik hamda nazorat vositalari orqali hayotga tatbiq etishda mas’ul ishtirokchi bo‘ladi.

Deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan takliflar ham alohida e’tiborga loyiq. Deputat so‘rovlari bo‘yicha har chorakda tahliliy ma’lumot tayyorlash va uni prokuratura organlariga kiritish amaliyotini yo‘lga qo‘yish tashabbusi deputatlik so‘rovini oddiy xat-xabar darajasidan samarali huquqiy vosita maqomiga ko‘tarishi mumkin.

Asosiy maqsad – deputat murojaatiga berilgan javob qog‘ozda qolib ketmasligi, agar unda qonun buzilishi, mas’uliyatsizlik yoki adolatsiz qaror belgilari mavjud bo‘lsa, tegishli huquqiy baho berilgan holda chora ko‘rilishini ta’minlashdir. Bu amaliyot deputatning joylardagi muammolarni hal etishdagi ta’sirini oshiradi, fuqarolarning davlatga ishonchini mustahkamlaydi va “deputat – xalq ovozi” tamoyilini amalda kuchaytiradi.

Mahalliy vakillik organlari faoliyatiga daxldor tashabbus – hokim va Kengash raisi vakolatlarini ajratishni tuman va shahar darajasigacha kengaytirish, bu demokratik boshqaruv arxitekturasidagi eng muhim islohotlardan biri sifatida baholanishi mumkin.

Chunki hokim bir vaqtning o‘zida vakillik organiga ham raislik qilgan sharoitda nazorat va hisobdorlik mexanizmi tabiatan zaiflashadi. Vakolatlarni ajratish esa mahalliy Kengashlarning haqiqiy siyosiy maydonga aylanishi, deputatlarning ijro hokimiyatidan mustaqil pozitsiyada turib budjet, ijtimoiy masalalar hamda hududni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha prinsipial nazorat olib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu o‘z navbatida har bir deputat va siyosiy partiyalar oldiga ham aniq vazifani qo‘yadi: mahalliy darajada raqobatni mazmunan boyitish, jamoatchilik bilan tizimli ishlash, yil davomida mahalla va tuman muammolari yechimi bo‘yicha amaliy takliflar berib borish.

Davlat boshqaruvida raqamlashtirish va shaffoflikni kengaytirishga qaratilgan choralar ham parlamentning zamonaviy rolini talab qiladi. Yagona integratsiyalashgan elektron platformani yangilash, ma’lumotlar almashinuvini tizimlashtirish, inson omilini qisqartirish kabi yondashuvlar samara berishi uchun qonunchilik bazasi, parlament eshituvlari, sohaviy qo‘mitalar nazorati va deputatlik o‘rganishlari bilan uzviy uyg‘un bo‘lishi shart. Shu bois, raqamli islohotlar parlament va deputatlar oldiga yangi standartni qo‘yadi: dalilga asoslangan nazorat, aniq samara ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlil, fuqarolar murojaatlarini tizimli hal etish madaniyati.

Shu o‘rinda siyosiy partiyalar masalasini alohida ta’kidlash joiz. Parlamentdagi partiyalar fraksiyalari va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari yuqoridagi tashabbuslar samarali amalga oshishida markaziy harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Chunki demokratiyada raqobat faqat tanqid bilan emas, balki taklif berish, muqobil yechim tayyorlash va qarorlar ijrosini doimiy nazorat qilish orqali namoyon bo‘ladi.

Demak, partiyalar faoliyatining mazmuni deputatlarning huquqiy savodxonligi, tahliliy salohiyati, jamoatchilik bilan muloqoti va mas’uliyatli pozitsiyasi bilan o‘lchanadi. “Hisobdor davlat” g‘oyasi partiyalarni ham ichki yangilanishga undaydi: kadrlar tayyorlash, ekspertlik salohiyatini oshirish, mahalliy muammolar yechimi bo‘yicha real dasturlar ishlab chiqish, har bir deputat ish samaradorligini ochiq baholash tizimlarini shakllantirish – bular endi siyosiy raqobatning asosiy mezonlariga aylanadi.

Xulosa qilib aytganda, 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilash orqali davlatimiz rahbari islohotlarning ijtimoiy tayanch nuqtasini aniq ko‘rsatib berdi. Parlament nazoratini kuchaytirish, davlat moliyasida mas’uliyatni oshirish, mahalliy darajada vakolatlar muvozanatini ta’minlash, deputatlik so‘rovining ta’sirchanligini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar mamlakatimizda demokratiyani mazmunan boyitishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu tashabbuslarning hayotga tatbiqi faqat davlat idoralari emas, balki deputatlar va siyosiy partiyalarning ham siyosiy mas’uliyati, kasbiyligi hamda xalq bilan doimiy muloqotiga bog‘liq.

Qayd etish joizki, Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish, uning maqsad va ijro mexanizmlarini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish vazifasi ham dolzarb yo‘nalish sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

Shu ma’noda, Murojaatnoma biz, vakillik organlari a’zolari uchun ham dastur, ham mezon, ham mas’uliyat chaqirig‘idir: xalq ishonchiga munosib bo‘lish — parlamentning eng oliy talabi.

 

Azamat PARDAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati