812 30.12.2025
Korrupsiyaga qarshi kurashish Yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylanganidan ham bilish mumkinki, bu illatning qanchalik xavfli va zararli ekanini. Prezidentimizning hech bir yig‘ilishi yo‘qki, korrupsiya va unga qarshi kurashish haqida gapirmagan bo‘lsa. Chunki korrupsiya har qanday davlatni jar yoqasiga olib keladi. Mamlakat rivojiga to‘siq bo‘lib, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradi. Shu bois, davlatchilik tariximiz, qadriyatlarimiz va xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu boradagi qonun hujjatlari ham yildan yilga takomillashtirilib borilyapti. Davlat nazorati kuchaytirilib, aybdorlarni keskin jazolash choralari ko‘rilyapti.
Birgina o‘tgan yili korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida sakkizta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha hududlar va sohalar kesimida o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 408 ta taqdimnoma kiritildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun 293 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ular asosida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan umumiy 28 ta jinoyat ishi va 104 ta maʼmuriy ish qo‘zg‘atildi. Jami 6 898 nafar shaxs tomonidan 5 716 ta jinoyat sodir etilgan.
To‘g‘ri, bu ko‘rsatkichlar 2023-yildagiga qaraganda kamaygan. Lekin bu xotirjamlik bermaydi. Korrupsiyaga qarshi to‘xtovsiz kurash olib borilmas ekan, bu illat yanada chuqur ildiz otaveradi.
O‘zbekiston Prezidenti Oliy Majlis va mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham 2026-yilda adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettirilishini, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurash yanada kuchaytirilishini alohida taʼkidlagani ham shundan. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish islohotlarimizga qilingan xiyonatdir. Shu bois, bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilinadi. Yaʼni, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suisteʼmol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha taʼsirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Qonun oldida hamma teng. Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi.
Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati tizimini 1-yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, jilovni mahkam qo‘lga olish topshirig‘i berildi. Mansabidan qatʼi nazar, poraxo‘rlik va suiisteʼmolchilik bo‘yicha har bir holat yuzasidan shaxsan Prezidentga axborot kiritib boriladi.
Komplayens nazorat korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi bo‘lib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizim hisoblanadi. Bunday nazorat tizimi ilk bor 1906-yilda AQSHda vujudga kelgan bo‘lib, bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda joriy etilgan.
Korrupsiyaga qarshi samarali tizim hisoblangan komplayens nazorati mamlakatimiz uchun yangilik emas. O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida ayrim vazirlik va davlat tashkilotlarida tajriba tariqasida bu tizim yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro miqyosda keng qo‘llanilib kelinayotgan komplayens nazorat Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat