Islohotlarni yangi bosqichga olib chiquvchi hujjat


651     30.12.2025

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiquvchi, mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab bergan muhim siyosiy-dasturiy hujjat sifatida deputatlar korpusi hamda partiyamiz aʼzolari tomonidan katta qiziqish va to‘liq qo‘llab-quvvatlash bilan qabul qilindi.

2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilindi. Bu nom bejizga qo‘yilgani yo‘q, albatta.

Murojaatda mahalla fuqarolari yig‘inlarining jamiyatdagi o‘rni va roli alohida taʼkidlanib, mahalla xalq bilan davlatni bevosita bog‘laydigan, ijtimoiy adolat, aholi muammolarini hal qilish va jamoatchilik nazoratini taʼminlaydigan eng muhim bo‘g‘in ekani yana bir bor qayd etildi. Mahallalarning vakolatlarini kengaytirish, moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mahalla raislari va faollarining masʼuliyatini oshirish orqali joylardagi muammolarni tez va samarali hal etishga qaratilgan vazifalar belgilandi.

Ayniqsa, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, maktab va oliy taʼlim sifatini oshirish, tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha bildirilgan tashabbuslar jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Partiyamiz deputatlari ushbu sohalarda qabul qilinayotgan qonun va qarorlarni joylarda samarali ijrosini taʼminlashni o‘z oldiga ustuvor vazifa qilib qo‘yadi.

Murojaatnomada yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar partiyamiz tomonidan doimiy eʼtiborda bo‘lgan yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu borada mahalliy Kengashlar deputatlari orqali joylarda aniq manzilli ishlar amalga oshiriladi. Shuningdek, qonun ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat organlarining xalq oldida hisobdorligini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyati vakillari, deputatlarning joylardagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar deputatlik faoliyatini yanada samarali tashkil etish uchun mustahkam huquqiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Prezident o‘z Murojaatnomasida fuqarolik jamiyati institutlarini, ayniqsa, nodavlat notijorat tashkilotlarini jamiyat taraqqiyotining muhim ishtirokchisi sifatida alohida taʼkidladi. Davlat barcha ijtimoiy masalalarni yakka holda hal qila olmasligi, bu borada fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, Murojaatnomada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qarorlar qabul qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati va NNTlarni keng jalb etish demokratik islohotlarning muhim sharti ekani alohida qayd etildi. Bu orqali davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsad qilib qo‘yildi. Xulosa qilib aytganda, Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida barchamiz uchun aniq yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Hamidjon OMONOV,
Andijon viloyati Kengashi rais