Yangiliklar

779 02-06-2023
Mintaqalararo muhim muloqot platformasi
Bugungi kunda butun dunyoda Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziqish ortib bormoqda. Yevropa Ittifoqi (YEI), Xitoy, AQSH, Rossiya va boshqa mamlakat hamda tashkilotlarning mintaqamiz bilan siyosiy, xavfsizlik, tijoriy, madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan intilishlari shundan dalolat beradi. Yaqinda katta va yirik davlatlar ishtirokida 5+1 shaklidagi sammitlar — dastlab Rossiya va Markaziy Osiyo, keyin Xitoy va Markaziy Osiyo rahbarlarining uchrashuvlari o‘tkazildi.
Bugun Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Sammitda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Ministrlar kabineti raisi o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel ishtirok etishi kutilmoqda.
Nufuzli anjumanda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning ayni holati va kelajakdagi rejalar muhokama qilinadi, xalqaro maydondagi dolzarb muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashiladi.
O‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik
Taʼkidlash kerakki, bu — Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi rahbarlarining ikkinchi sammiti. Birinchi sammit 2022-yilning 26-27 oktabr kunlari Nursulton shahrida o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muhim muloqot maydoni sifatida qaraydi. Uchrashuvlar muntazamlik kasb etishini qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, mamlakatimizning uzoq muddatli va izchil taraqqiyoti butun Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik bilan chambarchas bog‘liq ekanini hisobga olsak, 5+1 shaklidagi uchrashuvlar ana shunday maqsadlarga xizmat qilishini taʼkidlamoq joiz. Aynan shu bois, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik masalasini qatʼiy ilgari surmoqda. Mintaqamizning YEI tashqi siyosatidagi ustuvorligi YEIning 2019-yildagi Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasida namoyon bo‘ldi. Bu ittifoqning ikkinchi strategiyasi bo‘lib, birinchisi 2007-yilda qabul qilingan. Hujjatda mintaqaning geografik holati, uning Yevropa va Osiyoni birlashtirishdagi hal qiluvchi roli, ulkan energetik resurslari, shuningdek, sezilarli bozor salohiyati, ayniqsa, 35 foizdan ko‘pi 15 yoshdan kichik bo‘lgan 70 milliondan ziyod aholisi o‘sib borayotgani qayd etiladi. YEIning mintaqamizga eʼtibori va qiziqishi shu darajada yuqoriki, qisqa vaqtda birlashmaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-sotiq hajmi 2022-yilda 47 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan XXRdan keyingi ikkinchi hamkorga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbusi hamda mintaqa davlat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Bir necha o‘n yillar mobaynida yig‘ilib qolgan, hal etilishiga hech kim ishonmay qo‘ygan ko‘plab muammolar bir necha yil davomida bartaraf etildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarining samarali mexanizmi yaratildi. Ular umummintaqa xavfsizligi va ravnaqi yo‘lida kelishuv sari qadam qo‘ya olishini isbotlashdi. Va bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Vizasiz rejim joriy qilindi, barcha o‘tkazish punktlari ochildi. Aviaparvozlar va quruqlik orqali tashuvlar tiklandi va ularning soni ko‘paydi. O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi 10 barobar o‘sdi. Kooperatsiya aloqalari kuchayib bormokda, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya kompaniyalari va boshqa moliyaviy vositalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada xalqaro hamkorlarning O‘zbekistonga va mintaqaga qiziqishi va ishonchi tiklandi. Yevropa Ittifoqi ham mintaqa jipsligi tarafdori. U O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishni olqishlamoqda.
Bevosita O‘zbekiston va YEI munosabatlariga to‘xtalsak, keyingi yillarda o‘rtadagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi va keng ko‘lamli tus oldi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yo‘nalishlaridagi masalalarning keng doirasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolandi. Ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikatsiya qilinishi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishiga shubha yo‘q. Yevropa Ittifoqi bu kabi bitimni har qanday davlat bilan ham imzolayvermaydi. Chunki mazkur birlashma Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qatʼiy qo‘llab-quvvatlab, ular barqaror bo‘lishi va ortga qaytmasligiga umid bildiryapti. Qolaversa, YEI rasmiy Toshkentning inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv siyosatini yuksak baholamoqda.
Bundan tashqari, YEI kompaniyalarida O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni jalb qilish masalalariga qiziqish katta. 2021-yilning aprel oyida O‘zbekistonga “JSP+” tizimining benefitsiar mamlakati maqomi berilib, o‘zbek mahsulotlarining keng nomenklaturasi YEI mamlakatlariga bojsiz yetkazib berilishiga imkoniyat yaratilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Bu savdo aylanmasining ijobiy dinamikasiga ko‘maklashdi. “GPS+” tizimining benefitsiar aʼzosi sifatida O‘zbekistonning matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi bir qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi eksportimizning o‘sishi va mamlakatimizga qo‘shimcha sarmoyalar jalb qilinishiga imkon beradi. Barqaror taraqqiyot sohasida “JSP+” oldidagi majburiyat O‘zbekistonning ishonchli va uzoqni ko‘ra oladigan iqtisodiy sherik sifatidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.
“JSP+” doirasida O‘zbekistonning preferensiyalardan foydalanish darajasi hozirgi vaqtda 87 foizni tashkil etadi. Qisqartirilgan imtiyozdan eng ko‘p foydalanayotgan mahsulotlar tarkibidan to‘qimachilik va kiyim-kechak, plastik mahsulotlari, shuningdek, meva-sabzavot va yong‘oq o‘rin olgan, bu esa O‘zbekiston eksporti tuzilmalari uning Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari bilan taqqoslaganda rang-barangligini ko‘rsatadi.
Savdo sohasida sezilarli o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Agar 2016-yilda tovar ayirboshlash taxminan 1,98 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda mahsulot ayirboshlash ikki marotaba o‘sib, 3,89 mlrd. dollarga yetdi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 2016-yilda YEI tomonidan qabul qilingan “to‘qimachilik protokoli” tekstil mahsulotlari eksporti sezilarli oshishiga imkon berdi.
“To‘qimachilik protokoli” 2017-yilning 1-iyulidan kuchga kirgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi va YEI o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvning tarkibiy qismi hisoblanadi. Hujjat YEIning o‘zbek tekstil tovarlariga nisbatan qo‘llaniladigan tranzit, bojxona va soliq to‘lovlariga nisbatan imtiyozlar tartibini belgilaydi, shu bilan birga, bu turdagi mahsulotlar bilan savdoda cheklovlarni olib tashlaydi. YEIning O‘zbekistonga importida texnologik mahsulotlar, mashina va anjomlar miqdori oshib bormoqdaki, bu O‘zbekiston sanoati texnologik o‘zgarishlarga yuz tutayotganidan, mamlakat ishlab chiqarish bazasiga sarmoyalar kirib kelayotganidan dalolat beradi.
Teng huquqli sheriklikning istiqbolli loyihalari
Yevropalik investorlarning mintaqaga qiziqishi ham ortib bormoqda. Bu Yevropa mamlakatlari kapitali ishtirokida qo‘shma korxonalar sonining o‘sish surʼatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Agar 2017-yilda YEI mamlakatlari kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 440 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib bu raqam 1052 taga yetdi.
Tomonlar barqaror transport yo‘laklarini yaratish, shu jumladan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun tizimli omil ekanligini eʼtirof etishadi. Xususan, Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishelning o‘tgan yili yurtimizga tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yo‘l parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan o‘tish uchun raqamli yechimlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi. Bunday loyihalarni amalga oshirish YEIning “Global darvoza” tashabbusi maqsad va vazifalariga to‘liq mosdir. O‘zbekiston tomoni o‘zaro bog‘liklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshovar” temir yo‘lini qurishda Yevropa Ittifoqi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilishga daʼvat etib kelmoqda.
Taʼlim va fan sohasidagi hamkorlik, xususan, “Erasmus+” va “Norizont Europe” dasturlari salohiyatidan foydalangan holda chuqurlashtirish muhim yo‘nalishlardan. So‘nggi 25 yil mobaynida Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda O‘zbekistonning 55 ta oliy o‘quv yurti va YEIga aʼzo mamlakatlarning 71 ta oliy o‘quv yurti ishtirokida “Tempus” taʼlim dasturi doirasida qiymati 32,2 million yevrolik 80 dan ziyod loyihalar amalga oshirildi.
2014-yildan boshlab “Erasmus+” taʼlim dasturi doirasida oliy taʼlim imkoniyatini oshirish maqsadida budjeti 36,6 million yevrolik 43 ta loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib, u O‘zbekistondagi 65 ta oliy taʼlim muassasalarini, 20 dan ziyod tarmoq idora va tashkilotlarini, shuningdek, 117 ta Yevropa oliy taʼlim dargohlarini qamrab olgan.
Hozirgi vaqtda yurtimizdagi 43 ta va 58 ta Yevropa oliy taʼlim muassasalari ishtirokida 18 ta loyihani amalga oshirish davom etmoqda. 2022-yilda O‘zbekiston OTM ishtirokida budjeti 4,5 million yevrolik 7 ta loyiha tanlab olindi. Unda O‘zbekistondan 24 ta, YEIdan 18, Markaziy Osiyo davlatlaridan 19 ta oliy taʼlim muassasalari ishtirok etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Yevropa davlatlari universitetlarining 7 ta filiali samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
YEI Markaziy Osiyo xavfsizligini taʼminlashga muhim hissa qo‘shmoqda. Chegara hamkorligini mustahkamlashga ko‘maklashish yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik faol rivoj topmoqda. “Markaziy Osiyodagi chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi” mazkur maqsadga xizmat qilayotganini qayd etish joiz. Dastur, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish samaradorligi va natijadorligini oshirishdan tashqari, hukumatlarga migratsiya, mobillik siyosati va savdoga ko‘maklashish, chegara va migratsion idoralar imkoniyatlarini kengaytirishda davlat boshkaruvini rivojlantirish va isloh qilishda ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda narkotiklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha “KADAP” dasturi doirasida Yevropa tomoni Markaziy Osiyo davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari va kuch tuzilmalari bilan ularning salohiyatini oshirish, narkotiklar tarqalishiga qarshi kurashda mintaqa mamlakatlari ilg‘or tajribalarini o‘rganish maqsadida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘ygan.
Umumiy yuksalish sari
Yevro ittifoq O‘zbekistonning Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni tiklashga qaratilgan siyosatini har tomonlama qo‘llab- quvvatlayotgani ham eʼtiborga molik. Buning isboti o‘laroq, YEIning oliy Martabali vakillari mintaqada uyushtirilgan Afg‘onistonga taalluqli barcha tadbirlarda ishtirok etishayotir. Masalan, 2018-yili Yevropa Ittifoqining xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy komissari Federika Mogerini “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy hamkorlik” xalqaro konferensiyasida maʼruza bilan qatnashdi. 2021-yili YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” anjumanida ishtirok etdi. 2022-yili “Afg‘oniston: xavfsizlik va xalqaro taraqqiyot” Toshkent anjumanida YEIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili T.Niklasson qatnashdi.
2021-yildan beri Afg‘oniston bo‘yicha Markaziy Osiyo va YEI maxsus vakillarining o‘zaro hamkorligi faollashdi, Afg‘oniston qo‘shnilari mintaqaviy platforma tashkil etish hamda Qobulga va qo‘shni mamlakatlarga uch yil mobaynida 1,2 milliard yevro yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Joriy yil may oyining so‘nggi kunlarida esa Ashxobodda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining to‘rtinchi uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuv ishtirokchilari afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish, Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l ko‘ymaslik, mamlakatning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga cheklovlarni yechish zarurligini taʼkidladilar. Afg‘oniston muvaqqat hukumatiga xalqaro hamjamiyatning inklyuziv va vakillik hukumatini yaratish, fuqarolar, ayniqsa, ayollar huquq va erkinliklarini hurmat qilish, Afg‘oniston hududidan terroristik maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi talablarini bajarish yuzasidan murojaat qilindi. Mintaqadagi suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qo‘shni davlatlar manfaatlarini o‘zaro hisobga olish, mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanish muhimligi qayd etildi. Delegatsiyalar O‘zbekiston Prezidentining BMT shafeligida xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ijobiy baholab, bu BMTning Afg‘oniston bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda ushbu formatdagi umumiy takliflarning bir qismi bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Markaziy Osiyo mintaqasi Yevropa Ittifoqi uchun izchillik bilan strategik xususiyat kasb etmoqda. Bu ko‘p jihatdan mintaqa davlatlarining yaxshi qo‘shnichilik, konstruktiv muloqot va umumiy muammolarni muloqot yo‘li bilan yechishga qaratilgan rasmiy Toshkentning yangi mintaqaviy siyosati atrofida jipslashuvi bilan izohlanadi. O‘zbekistonning ham YEI bilan, ham aʼzo davlatlar bilan o‘zaro munosabatlaridagi jadallashuv har ikki tomonning rishtalarni mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishidan dalolatdir.
Yevropa Ittifoqi “yashil” taraqqiyot sohasida O‘zbekistonning asosiy hamkori hisoblanadi. Ammo imkoniyatlardan yanada samaraliroq foydalanish mumkin. Ayniqsa, eko innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “Smart-AKIS” Yevropa tarmog‘i yordamida “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlarini ishga solish har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi, shubhasiz.
Ayni chog‘da, turizm sohasida yirik imkoniyatlar mavjud. Bugungi kunda Yevropa davlatlari jahon turizm tarmog‘ida mutlaqo yetakchi hisoblanadi. Ular tarixiy meros obyektlarini asrab-avaylash va rekonstruksiya qilish, zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda sayyohlar oqimini boshqarish bo‘yicha juda katta tajribaga ega. Shuning uchun O‘zbekiston kelasi yilda Xiva shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari eʼtiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etishni mo‘ljallamoqda.
Yevropalik hamkorlarni mintaqamiz xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va anʼanalari bilan keng tanishtirish maqsadida Parijning Luvr muzeyida yirik ko‘rgazma ochildi. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish rejalashtirilgan. Fikrimizcha, bunday tadbirlar Yevropa va mintaqamiz xalqlari o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Ishonchimiz komilki, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq muloqot mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qiladi.
To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent moliya instituti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2023-yil 2-iyun sonidan olindi