963 06.01.2026
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqdi. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan siyosat qisqa muddatda muhim natijalar berayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan yutuqlarni chuqur tahlil qilgan holda, mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichi uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi. Unda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini zamon talablari, global iqtisodiy jarayonlar hamda jamiyatimizning o‘sib borayotgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Ana shu siyosiy mantiqning izchil davomi sifatida Prezidentimizning “Mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasidagi siyosatning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar uzoq muddatli strategik maqsadlar puxta rejalashtirilganini va real asosga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu marraga 2026-yilning o‘zidayoq erishish imkoniyati shakllanayotgani qayd etilmoqda.
Shuningdek, olib borilayotgan tizimli iqtisodiy va ijtimoiy siyosat natijasida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik darajasi esa 5,5 foizdan 4,9 foizga pasaygani amalga oshirilayotgan islohotlarning aniq va o‘lchab bo‘ladigan samaralarini yaqqol namoyon etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda aholi turmush darajasi va ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta muddatli rivojlanish ustuvorliklarini aniq belgilash, resurslardan samarali foydalanish, hududlar salohiyatini to‘liq ishga solish hamda institutsional islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Strategiya doirasida iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda taʼlim, sog‘liqni saqlash, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, ekologik barqarorlik va ijtimoiy adolat masalalariga kompleks yondashuv ko‘zda tutilgani uning muhim ustunliklaridan biridir.
Mazkur strategiya loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi uni yanada hayotiy, puxta va xalq manfaatlariga mos hujjat sifatida shakllantirish imkonini beradi. Bu jarayonda deputatlarning, sohaviy mutaxassislarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki alohida ahamiyatga ega.
Deputat sifatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etish, joylardagi real holat, aholi ehtiyojlari va mavjud muammolardan kelib chiqqan holda asosli va amaliy takliflar bildirish muhim deb hisoblayman. Zero, strategiyaning samaradorligi uning qanchalik xalqchil, aniq va bajarilishi taʼminlangan maqsadlarga tayanganiga bevosita bog‘liqdir.
Ishonchim komilki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim dasturiy hujjatga aylanadi. Shu maʼnoda, barcha deputatlar, ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari mazkur muhokamada faol ishtirok etishlari lozim.
Bahodir MAMATXONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati