Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichi


810     07.01.2026

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi nafaqat mamlakatning ichki taraqqiyot strategiyasini, balki Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va tashqi siyosat ustuvorliklarini ham yaqqol namoyon etdi.

Global iqtisodiy beqarorlik, geosiyosiy ziddiyatlar va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda O‘zbekistonning tashqi siyosiy yo‘li ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani Murojaatnomada alohida urg‘ulandi.

Davlatimiz rahbari jahonda ishlab chiqarish va logistika zanjirlari uzilib, savdo qoidalari qayta shakllanayotgan murakkab sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini qayd etdi. Bu holat mamlakat tashqi siyosatining pragmatik va muvozanatli yo‘l tutganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston tashqi siyosatida “Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lish” tamoyili amalda o‘z ifodasini topmoqda. Bu yondashuv mamlakatni geosiyosiy raqobat maydoniga emas, balki muloqot va hamkorlik platformasiga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Murojaatnomada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha tarixiy kelishuv imzolangani mintaqada uzoq yillik muammolarni siyosiy iroda orqali hal etish mumkinligini ko‘rsatdi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formati g‘oyasi mintaqa integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida namoyon bo‘ldi. Ozarbayjonning ushbu formatga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilinishi esa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi strategik bog‘liqlikni kuchaytirib, keng geoiqtisodiy makon shakllanishiga zamin yaratadi.

Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Bu bitim O‘zbekistonning islohotlariga siyosiy ishonch va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, “Markaziy Osiyo – AQSH” sammiti ko‘p tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirib, xavfsizlik, iqtisodiyot va inson kapitali sohalarida uzoq muddatli sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Osiyo yo‘nalishida esa Yaponiya bilan ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar va infratuzilma sohalarida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston tashqi siyosatining diversifikatsiyalangan va uzoqni ko‘zlovchi xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi.

Murojaatnomada O‘zbekistonning global muloqot maydoniga aylanayotgani alohida ta’kidlandi. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi, YUNЕSKO Bosh konferensiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumining mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. Bu kabi tadbirlar orqali O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy, balki global kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etuvchi davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Umuman olganda, Prezidentimiz Murojaatnomasi O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatdi. Ko‘p qutbli dunyoda muvozanatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borish orqali O‘zbekiston xalqaro hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni uyg‘unlashtirishga erishmoqda. Zero, Yangi O‘zbekiston bugun faqat islohotlar obyekti emas, balki xalqaro munosabatlar tizimida faol tashabbuskor, ishonchli sherik va barqarorlik omili sifatida shakllanib bormoqda.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati