705 07.01.2026
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida bejizga “2026-yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”, deya taʼkidlagani yo‘q. Ortga qaytmas Yangi O‘zbekiston islohotlari samarasi natijasida 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik. Jumladan, tariximizda birinchi marta YAIM 145 mlrd, oltin-valyuta zaxiramiz ilk bor 60 mlrd dollardan, eksportimiz esa 23 foizga oshdi. Shu yilning o‘zida 5 mln aholimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Kambag‘allik esa 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
Bu shunchaki statistik raqamlar emas. Bu dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilgan natijalardir.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosiga qurilgan qatʼiy islohotlar, mavjud salohiyatimiz, xalqimizning mardona mehnati, xorijiy sheriklar bilan faol hamkorligimiz hisobiga yaqin yillarga belgilangan ayrim marralarimizga erishdik, erishamiz. Masalan, uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni 2025-yilning o‘zida uddaladik. YAIM hajmini 2030-yilgacha 160 mlrd dollarga yetkazishni belgilab olgan edik. Bu marraga 2026-yilning o‘zida bemalol erisha olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Yangi marrani esa 240 mlrd dollardan oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l.
Shuningdek, aholimiz sonining o‘sishi, global iqtisodiy jarayonlar, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal rivoji “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilashni taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada erishilgan bunday ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalardan kelib chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishini taʼkidlagan edilar.
Shu munosabat bilan “Mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, xalqimiz tomonidan keng muhokama qilinmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, farzandlarimiz kelajagiga o‘zini masʼul bilgan barcha yurtdoshlarimiz mamlakatimiz taraqqiyotini mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhokamasida faol qatnashmog‘i lozim. Zero, bir bo‘lsak, yagona xalq bo‘lib har qanday masalada hamjihat bo‘lsak, yagona millat bo‘lib harakat qilsak ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta erishamiz.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati