674 08.01.2026
Ilm-fan har qanday davlat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi. Jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va texnologik yuksalishi, avvalo, ilm-fan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq. Zamonaviy dunyoda fan yutuqlariga tayangan mamlakatlar farovonlik, innovatsion rivojlanish va barqaror taraqqiyotga erishmoqda. Shu bois, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash, uni tizimli ravishda rivojlantirish har bir davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Ilm-fan taraqqiyotida Fanlar akademiyalarining tutgan o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ushbu muassasalar fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish, ilmiy maktablarni shakllantirish, istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash hamda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda yetakchi rol o‘ynaydi. Ayniqsa, akademik olimlar – fanning eng yuksak namoyandalari sifatida ilmiy tafakkur rivoji, yangi g‘oyalar va innovatsion yechimlarning tashabbuskori hisoblanadi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mamlakatda ilm-fan taraqqiyotini izchil va tizimli ravishda ta’minlash, milliy ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish yo‘lida faoliyat olib borayotgan eng nufuzli ilmiy muassasa hisoblanadi. Akademiya fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ustuvor ilmiy yo‘nalishlarni belgilash, ilmiy maktablar va tadqiqot an’analarini rivojlantirish orqali mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, u zamonaviy fan yutuqlarini milliy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirgan holda iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim va ekologiya sohalarida ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharoitida Fanlar akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning boshqaruv tizimini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish hamda ilmiy tadqiqotlarni davlatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu islohotlar doirasida Akademiyaning institutsional salohiyati oshirilib, ilmiy muassasalar faoliyati samaradorligini baholashning shaffof va adolatli mexanizmlari joriy etildi. Shu bilan birga, ochiqlik, raqobat va xolislik tamoyillari asosida o‘tkazilgan saylovlar natijasida Fanlar akademiyasi fanning turli sohalarida yetuk ilmiy natijalarga erishgan, zamonaviy fikrlaydigan hamda katta-katta ilmiy maktablar yaratgan olimlar bilan to‘ldirildi. Bu esa Fanlar akademiyasining nufuzini yanada oshirish, milliy ilm-fan rivojida uning rolini mustahkamlash hamda innovatsion taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashga zamin yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining yangi qarorida 2030-yilga qadar Fanlar akademiyasida ustuvor ilmiy yo‘nalishlar asosida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, Akademiya va uning tizim tashkilotlarida yangi ilmiy ishlanmalar soni va ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 barobarga oshirish, ilmiy kadrlar tarkibida yosh olimlar ulushini 60 foizga yetkazish, nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda chop etiladigan maqolalar sonini 4 barobarga ko‘paytirish kabi aniq va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berildi. Shuningdek, akademiklar va professor-o‘qituvchilarning ta’lim jarayonidagi ishtirokini 5 barobarga, xalqaro hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar sonini 3 barobarga oshirish rejalashtirildi.
Qarorda ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan yana bir muhim yo‘nalish – xorijiy mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek ilmiy diasporasini milliy ilm-fan tizimiga qayta integratsiya qilish masalasi alohida belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarini raqobat tamoyili asosida moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, yoshlarni akademik fanlarga keng jalb etish maqsadida ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda ilm-fan sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish hamda yangi g‘oya va innovatsion yechimlarning tezkor ravishda amaliyotga joriy etilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, xorijiy tajriba va ilg‘or ilmiy maktablarni milliy ilm-fan tizimiga integratsiya qilish orqali ilmiy salohiyatni sifat jihatdan yangilash, yosh olimlarning faolligini oshirish hamda intellektual resurslardan samarali foydalanishga zamin yaratadi.
Hududiy ilm-fanni rivojlantirish maqsadida Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi, shuningdek, Xalqaro ilm-fan kengashining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisini ochish rejalashtirilgani O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini oshirish, uning ilmiy salohiyatini jahon hamjamiyatiga keng namoyon etish hamda mamlakatni Markaziy Osiyoda ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha muhim markaz sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbuslar orqali xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqot loyihalari va grant dasturlarini kengaytirish, ilmiy kadrlar akademik harakatchanligini oshirish hamda mintaqadagi dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda tizim oldida turgan eng ustuvor vazifa Prezident qarorida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, belgilangan strategik ko‘rsatkichlarga izchil ravishda erishishdan iborat.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan qulay shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan oqilona va maqsadli foydalangan holda, barcha olimlar, ilmiy muassasalar hamda ta’lim tizimi vakillarining o‘zaro hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari O‘zbekiston ilm-fanini sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Odiljon Mamatkarimov,
Senator