713 08.01.2026
Murojaatnomada ilgari surilgan iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kasb-hunar va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash kabi ustuvor vazifalar oliy taʼlim muassasalariga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Xususan, kelgusi yilda data-markazlar, superkompyuterlar va 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha belgilangan muhim tashabbuslar yurtimizda ilm-fan va amaliy texnologiyalar uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasi ham Murojaatnomada taʼlim, kadrlar tayyorlash, IT, sunʼiy intellekt bilan bog‘liq belgilangan ustuvor vazifalarni o‘z faoliyatining asosiy mezoni sifatida qabul qilib, quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni yanada faollashtiradi. Jumladan, taʼlim mazmuni mehnat bozori talablariga moslashtirilib servis, turizm, logistika, bank-moliya, buxgalteriya, menejment va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida “kompetensiya”ga asoslangan, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari kuchaytiriladi.
Raqamli transformatsiya va sunʼiy intellekt kompetensiyalari bosqichma-bosqich kengaytirilib, ilmiy-amaliy loyihalar real sektor bilan uyg‘unlashtiriladi. Tadbirkorlik va startap ekotizimiga alohida eʼtibor qaratilib, kichik va o‘rta biznes, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatiga hamohang ravishda biznes-inkubatsiya, mentorlik va loyihaviy taʼlim mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
“Mahalla–taʼlim–iqtisodiyot” tamoyili asosidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlab, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda, mahallalarda xizmatlar sohasini rivojlantirish, bandlik va daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarda faol ishtirok etamiz.
Ish beruvchilar bilan dual taʼlimni kengaytirish, amaliyot bazalarini ko‘paytirish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash uchun aniq maqsadli hamkorlik loyihalarini amalga oshiramiz.
Albatta, yuqoridagi masalalar partiyamizning Saylovoldi dasturida bu borada belgilangan taklif va tashabbuslar ijrosini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhiddin PO‘LATOV,
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori