Mahallalarga yanada eʼtibor kuchaytiriladi


566     09.01.2026

Taʼkidlash joiz, boshlangan yil mamlakatimiz taraqqiyotida muhim burilish davri bo‘lishi shubhasiz. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida qatʼiy va izchil islohotlar davom etayotganidan dalolat beradi. Xususan, yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish masalasi bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada taʼkidlaganlaridek, Yangi O‘zbekistonni qurish jarayoni hal qiluvchi bosqichga kirib bormoqda. Bu esa davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot, taʼlim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va ekologiya kabi barcha sohalarda chuqur transformatsiyani talab etadi. Asosiy maqsad – yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashdir.

Eng muhimi, amalga oshirilayotgan islohotlar Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan Jizzax va Sirdaryogacha bo‘lgan barcha hududlarda yashovchi fuqarolarning kundalik hayotida real natija berishi lozimligi alohida qayd etildi. Bu esa islohotlarning xalqchil va amaliy xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, 2026-yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi. Xususan, mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash, ularni Yangi O‘zbekiston qiyofasiga mos ravishda rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Kelgusi yildan boshlab mahallalarni rivojlantirishda kompleks yondashuv joriy etilishi, urbanizatsiya va shaharlarning barqaror rivoji bo‘yicha yangi islohotlar boshlanishi yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar xalq farovonligini oshirish, hududlarni obod qilish va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, jamiyatimizda yangicha tafakkur va taraqqiyot ruhini yanada mustahkamlaydi.

 

Saydulla ABDURAIMOV,
partiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati