Farovon kelajagimiz strategiyasi


563     09.01.2026

Bugun mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri uzoq muddatli rivojlanish yo‘lini aniq belgilab olish va uni hayotga tatbiq etishdir. Shu nuqtai nazardan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgani davlat boshqaruvida ochiqlik va masʼuliyat tamoyili tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Strategiya faqatgina hukumat yoki alohida idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan hujjat bo‘lib qolmasligi kerak. Aksincha, u jamiyatning barcha qatlamlari – deputatlar, soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari va eng muhimi, oddiy fuqarolarning real ehtiyojlari hamda takliflari asosida shakllanishi zarur. Chunki qog‘ozdagi mukammal reja emas, balki amalda ishlaydigan, hayot bilan uyg‘un strategiya barqaror rivojlanishni taʼminlaydi.

Deputat sifatida ushbu strategiya muhokamasida ishtirok etish nafaqat huquq, balki katta masʼuliyat deb bilaman. Joylardagi holatni, aholining kundalik muammolarini va ularning adolatli kutishlarini inobatga olgan holda bildiriladigan takliflargina strategiyani xalqchil va samarali qiladi. Ayniqsa, hududlar rivoji, ijtimoiy himoya, taʼlim sifati, bandlik va yoshlar masalalarida aniq mexanizmlar belgilanishi muhim, deb hisoblayman.

Bugungi davr bizdan balandparvoz shiorlar emas, balki aniq hisob-kitobga asoslangan, ijrosi taʼminlanadigan maqsadlarni talab qilmoqda. Shu bois,“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat orzu va niyatlar majmui, balki masʼuliyatli qarorlar va qatʼiy nazoratga tayangan dasturiy hujjat bo‘lishi lozim.

Ishonamanki, keng jamoatchilik ishtirokida takomillashtiriladigan ushbu hujjat Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida mustahkam poydevorga aylanadi. Aholi farovonligini oshirish va kelajak avlod oldidagi masʼuliyatimizni munosib ado etishga xizmat qiladi.

 

Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati