Hakamlik sudlari faoliyati qoniqarlimi?


547     09.01.2026

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan odil sudlov sohasidagi islohotlarning asl maqsadi — inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, ularning insonparvar demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etishdagi rolini kuchaytirish.

Shu maqsadda so‘nggi yillarda nizolarni muqobil usullar orqali hal etishga katta eʼtibor berilib, hakamlik sudlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonun bilan uni tashkil qilish hamda faoliyatining huquqiy asosi qonun darajasida mustahkamlandi.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 287 ta hakamlik sudi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularda 1500 dan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritmoqda. Qonunchilikka binoan mazkur sudlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sodir bo‘ladigan xo‘jalik nizolarini hal etuvchi nodavlat organi bo‘lib, maʼmuriy, oila va mehnat-huquqiy munosabatlarda yuzaga chiquvchi, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolar yechimi bilan shug‘ullanmaydi.

Hakamlik sudlari faoliyati tahlil qilinganda ular ish jarayonida ayrim qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilayotganligi ham aniqlandi.

Xususan, hakamlik bitimi tarafi sifatida davlat hokimiyati va boshqaruv organi bo‘lgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijroga qaratish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, 2021— 2023-yillarda Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan hakamlik sudlari tomonidan chiqarilgan 47 ta hal qiluv qarori vakolatli sudning ijro varaqalarini berish bo‘yicha ajrimlari bo‘lmasada, g‘aznachilik va moliya organlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etilgan.

Bundan tashqari, hakamlik sudlarini tashkil qilishdagi taʼsirchan talablar mavjud emasligi natijasida ular o‘z vakolatiga kirmaydigan nizolar bo‘yicha noqonuniy qarorlar chiqarmoqda. 2019 — 2023-yillarda ushbu sudlar tomonidan Davlat byudjetidan 222,2 mlrd. so‘m pul mablag‘larini undirish haqida 870 ta noqonuniy qaror imzolangan.

Bugungi kunda hakamlik sudi sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini kengaytirishga qaratilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimining mavjud emasligi nizolarni ko‘rib chiqish hamda hal etishda professional va qonuniy yondashuv taʼminlanmasligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki ularning aksariyat qismi turli sohada asosiy ish faoliyatini yuritib kelayotganligi bois ularda hakamlik sudi to‘g‘risida yetarlicha bilim va ko‘nikmalar mavjud emas.

Yana bir tashvishlanarli jihat, keyingi yillarda mazkur tizilma xodimlari orasida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning ko‘payayotganligi ham ko‘zga tashlanmoqda. Qolaversa, davlat organlarining mansabdor shaxslari davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tib, hakamlik sudlari vositasida noqonuniy ravishda Davlat byudjetidan mablag‘lar undirmoqda. 2019 — 2023 yillarda noqonuniy shartnomalar bo‘yicha 3 309 ta holatda hakamlik sudi qarori chiqarilib, Davlat byudjetidan 215,3 mlrd. so‘m undirilgan.

Yoki qonunchilikda davlat organlariga hakamlik sudlari qarorlarini ixtiyoriy ijro etish bo‘yicha taqiq belgilanmaganligi natijasida ushbu organlar tomonidan hakamlik sudlarining noqonuniy qarorlari ijro varaqasisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijroga qaratilishi natijasida byudjetdan 582 ta holatda 156,3 mlrd. so‘m asossiz to‘lovlar amalga oshirilgan.

Bu kabi muammolar esa zudlik bilan bartaraf etilishini taqozo qiladi. Shu maqsadda “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi va Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida muhokamadan o‘tkazildi.

Qonun bilan bir nechta kodekslar va qonunlarga sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va uni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda hakamlik sudlari sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish tartibini kengaytirish, Byudjet kodeksida g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holatini byudjet intizomini buzish sifatida belgilash hamda qonunchilikda hakamlik sudi qarorlarini ijro etish bo‘yicha ijro varaqasi bo‘lmagan taqdirda, davlat organlari tomonidan ularning ixtiyoriy ijrosi uchun javobgarlikni nazarda tutish, Davlat byudjetidan pul mablag‘larini undirish bilan bog‘liq sud buyruqlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyatini yaratish kabi o‘zgartirishlar ham ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi esa hakamlik sudlari faoliyatining yanada yaxshilanishiga, Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldi olinishiga, ular tomonidan adolatli qarorlar chiqarilishiga va noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilash orqali davlat manfaatlari himoyalanishiga xizmat qiladi.

 

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 9-yanvar sonidan olindi