“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: xalqqa xizmat qilishning zamonaviy modeli


555     09.01.2026

Bugun jahonda kechayotgan shiddatli global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranishlar va texnologiyalarning misli ko‘rilmagan darajada rivojlanishi har bir davlatdan nafaqat moslashuvchanlikni, balki uzoqni ko‘zlagan strategik hushyorlikni ham talab etmoqda. Energiya bozorlaridagi transformatsiya va global taʼminot zanjirlarining qayta shakllanishi sharoitida O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini yangicha yondashuvlar asosida belgilab olishi davr taqozosidir.

“Maqsad — harakat — natija” zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi nafaqat davlat boshqaruvining, balki jamiyatimiz hayotining bosh mezoniga aylandi. Shu maʼnoda, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining yangi talablar asosida takomillashtirilishi biz, Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Biz intilayotgan asosiy maqsad — davlat boshqaruvini to‘liq xalq xizmatiga yo‘naltirish va uning samaradorligini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish. Bu borada Strategiyada belgilangan vazifalar nihoyatda salmoqli. Jumladan, davlat fuqarolik xizmatida lavozimlarni egallash 100 foiz malaka darajasiga asoslangan karyera modeli bo‘yicha, ochiq tanlovlar orqali amalga oshiriladi. Bu tizim tanish-bilishchilik illatiga chek qo‘yib, iqtidorli mutaxassislarga keng yo‘l ochadi. “Edu.bsa.uz” platformasi va “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi orqali kadrlar malakasini oshirish va boshqarish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.

Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlardan so‘raladigan 110 dan ortiq maʼlumot va hujjatlar bekor qilinishi, davlat xizmatlarining 40 foizi xususiy sektorga o‘tkazilishi fuqarolarimizning og‘irini yengillashtirish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Murojaatlarning kamida 80 foizi mahalliy darajada hal etilishi jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlashning eng muhim omili bo‘ladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun faqatgina zamonaviy texnologiyalar emas, balki yuqori intellektual salohiyatli kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi. Bizning maqsadimiz — yoshlarni zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘rgatish orqali ularning jahon mehnat bozoridagi raqobat-bardoshligini oshirish. Bu borada esa 86 ming nafar yoshga xalqaro imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 3 mln. yigit-qiz xorijiy tillarni bepul o‘rganadi. IT va sunʼiy intellekt sohasida 300 ming yosh ish bilan taʼminlanadi, “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida har yili 15 ming iqtidor sohibi xalqaro darajada tayyorlanadi. Shuningdek, navqiron avlod o‘rtasidagi ishsizlik darajasini 15 foizdan 11 foizga tushirish, har yili 500 nafargacha mutaxassisni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish orqali iqtisodiyotimiz uchun zarur kadrlar zaxirasi yaratiladi.

Fan va taʼlim yo‘nalishida biz eskirgan yondashuvlardan voz kechib, xalqaro standartlarga o‘tmoqdamiz. Endilikda o‘quv dasturlari bilimni shunchaki yodlashga emas, balki tanqidiy fikrlash, muammo yechish va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltiriladi. “STEM”, axborot-texnologiyalari va muhandislik fanlarini o‘qitishda amaliyot formati ustuvor bo‘ladi.

Umuman aytganda, Strategiyada belgilangan maqsadlar shunchaki raqamlar emas, bu xalqimizning farovon yashashi, davlat idoralarining shaffof ishlashi va yoshlarimizning dunyo bilan bo‘ylashishi uchun ishlab chiqilgan aniq yechimlardir. Biz, deputatlar ushbu islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan qatʼiy parlament nazoratini o‘rnatish va har bir maqsadning ijrosini taʼminlashda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz. Zero, Yangi O‘zbekistonning taqdiri — har birimizning bugungi faoliyatimiz va islohotlarga bo‘lgan daxldorligimizga bog‘liq.

 

Jahongir MAMAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 9-yanvar sonidan olindi