Yangi O‘zbekistonning do‘stona, oqilona va tashabbuskorona tashqi siyosati samaralari


594     09.01.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingan 2025-yil poyoniga yetdi. Dunyo miqyosida esa biz yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy qarama-qarshiliklar, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali yilni yakunladik. Shunga qaramay o‘tgan yilda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilgan yangi O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosati tufayli xalqaro munosabatlar sohasida ulkan yutuqlarga erishdik.

Millat sardori O‘zbekiston va BMT munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini taʼminlash, mustahkam milliy hukuqiy tizim va ochiq fuqarolik jamiyati barpo qilish yo‘lidagi keng ko‘lamli hamda shiddatli islohotlar dunyo jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etilmoqda. Masalan, 2025-yilda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi taqdim qilingan anjumanda qatnashgan xorijiy davlatlar elchilariga alohida murojaat etib, “Biz bilan aloqalarni kengaytirib, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatlaringiz hukumatlariga alohida tashakkur bildiraman”, deya taʼkidlagani bejiz emas. Prezidentimiz, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jahon iqtisodiy va moliyaviy institutlari bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilishiga eʼtiborni qaratdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”.

Shu mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayanib, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Binobarin, “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi taʼkidlangan.

Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanuvchi diplomatiya sohasida hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama, qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy, asosiy xalqaro tashkilotlar doirasida esa ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratayotganini taʼkidlash lozim.

Davlatimiz BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad hamda prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni izchil va og‘ishmay bajarib kelmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, hususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Davlatimiz rahbari 2017-yildan buyon BMT bosh minbarida besh marta nutq so‘zladi va ayni voqelik Yangi O‘zbekiston shu qisqa davrda BMTning eng faol hamda tashabbuskor aʼzolaridan biriga aylanganini va mazkur nufuzli tashkilot bilan hamkorligimiz mutlaqo Yangi darajaga ko‘tarilganini yaqqol tasdiqlaydi.

Eʼtibor bering: Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan 5 yil oldin BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Bosh Assambleya tarixida ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bundan sakkiz yil oldin esa davlatimiz rahbarining BMT bosh minbaridagi dastlabki nutqida buyuk alloma bobomiz Imom Buxoriy hazratlarining muborak nomlari xalqaro hamjamiyatning ushbu nufuzli anjumanida tarixda birinchi bor baralla yangragandi.

So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik bemisl darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.

Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda, “Inson shaʼni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdigini topmoqda. O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish hamda himoyalash masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik olib bormoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 50 dan ortiq milliy maʼruzalar o‘z vaqtida taqdim etilishi taʼminlandi.

Inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy taʼlim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlimga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim milliy dasturi izchil amalga oshirilyapti.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etayotir. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini amalga oshirmoqda. Bular, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida”gi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish; ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari; Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish; terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir.

Yangi O‘zbekiston 2025-yilda BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi va bu muvaffaqiyat dekabr oyida Jenevadagi Millatlar saroyida o‘tkazilgan anjumanlarda eʼtirof etildi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha, bor-yo‘g‘i, 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2025-yilgacha 85 mingdan ortiq kishilar O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni ro‘yobga chiqarish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda innovatsion yechimlarni joriy qilish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

YangiO‘zbekiston BRMning Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning Yangi besh yillik dasturini imzolash kutilmoqda. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda tashkil etildi. Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazildi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Biz barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, hukukiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Ustuvor maqsadimiz — mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”.

Prezidentimiz Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida so‘zga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim qildi. Davlatimiz rahbarining nutqida taʼkidlanganidek, “Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni taʼminlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani eʼtiborga molikdir. O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi”.

Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati — yuksak bosqichda

Yangi O‘zbekiston dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda, do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Yurtimiz shiddatli demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.

Mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etayotir. 2025-yilda Yangi tashkil qilingan MDX,ning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2025-yil 21-22 iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “Islom hamkorlik tashkiloti dunyo o‘zgarishi sharoitida” shiori ostida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-yessiyasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama etildi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi. Sessiyaning asosiy natijalaridan biri 2025 — 2028-yil larga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining to‘qqiz nafar yangi aʼzosi saylovi o‘tkazilganidir. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili — Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga aʼzo etib saylandi.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro diplomatiyada egallagan mavqei tobora o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi va mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlik, islomiy birdamlik hamda asosiy erkinliklarni himoya qilish prinsiplariga sodiqligini namoyish etadi. Bundan tashqari, bu natija O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro institutlar bilan o‘zaro hamkorligidagi muhim bosqich bo‘lib, IHTga aʼzo davlatlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Murojaatnomada qayd etganidek, O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Ham-do‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Tur-kiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalarini yana-da kengaytiradi.

Mamlakatimiz, shuningdek, Xalqaro valyuta jamgarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni davom ettiradi.

Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish yo‘lida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitusiyasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘zaro hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik tamoyillari asosida mustahkamlash belgilanganligi xalqaro, mintaqaviy hamda xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Turli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning mavqei yaxshilanyapti. O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda eʼtirof etilayotir. Dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. O‘zbekiston liderining yaxshi qo‘shnichilik siyosati, taʼbir joiz bo‘lsa, mintaqaviy siyosatga doir oqilona doktrinasi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.

Yevroosiyo kengliklarining naq “yuragi”da joylashgan, tabiiy resurslarga boy, insoniyat sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyatiga ega Markaziy Osiyo mintaqasida ayni paytda turli davlatlar va kuch markazlarining manfaatlari kesishmoqda. Shundoq ham ayrim beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin hamda uzoq xorijda ro‘y berayotgan mojarolarning salbiy taʼsirini ham o‘zida his etmoqda. Bunday murakkab sharoitda Prezidentimiz qatʼiyat bilan uqtirganidek, “Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”.

Shu ishonch negizida o‘tgan yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu uchrashuvlar mintaqada o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni shakllantirish, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va ko‘p qirrali hamkorligimizni sifat jihatdan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida samarali platformaga aylandi.

Natijada xalqaro siyosiy lug‘atda Mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Yangi Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo bo‘ldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. Natijada Prezidentimiz qayd etganidek, mamlakatlarimiz 2017-yildan buyon Markaziy Osiyoda taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘ndan ziyod rezolyutsiyalari qabul qilinishiga erishdi. Qisqa davrda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida o‘ndan ortiq hamkorlik muloqotlari yo‘lga qo‘yilgani buni tasdiqlaydi.

Ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtida 2025-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi g‘oyat katta tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ayni jarayonda “mintaqaviy o‘ziga xoslik” va “mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei” degan yangi tushunchalar lug‘atimizga kirib keldi.

Mintaqaviy o‘ziga xoslikning mohiyati nimada? O‘zbekiston lideri taʼbiri bilan aytganda, bu farqli jihatlarimizni eʼtirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bogliq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda.

Shunday qilib, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutugidir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolaveradi”.

Ochiq va faol diplomatiya istiqbollari

Yakuniga yetgan 2025-yilda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida diplomatik munosabatlar geografiyasi sezilarli darajada kengaydi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mamlakatimiz Afrika, Okeaniya hamda Karib havzasiga mansub 8 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.

Bizning taxminiy kuzatuvlarimizga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston Prezidenti 2025-yilda dunyoning 28 ta davlatiga rasmiy va davlat tashriflarini amalga oshirdi. Mamlakatimizga kelgan davlat boshliqlari, hukumat rahbarlari va boshqa moʻtabar mehmonlar bilan o‘tkazilgan qabullar soni 23 tani tashkil qildi.

Prezidentimiz Murojaatnomasida jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib borayotganiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Bunday murakkab vaziyatda O‘zbekiston barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yana-da mustahkamlash, vazmin hamda oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettiradi.

O‘z navbatida, Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining yaqin va uzoq istiqboldagi yo‘nalishlarini yana bir bor tasdiqladi.

Birinchidan, yaqin qo‘shnilarimiz bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bunda mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va taʼlim sohalarida hamkorlikni yana-da chuqurlashtiramiz.

Ikkinchidan, Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni Mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish O‘zbekistonning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qoladi.

Uchinchidan, mamlakatimizning asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Quvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali hamda o‘zaro manfaatli aloqalarini yana-da kengaytirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

To‘rtinchidan, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib qoladi.

2025-yil Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirish borasida katta yutuqlar yili sifatida tarixga kiradi. Prezidentimiz 2025-yil 22-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqida eʼtirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”.

 

Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 9-yanvar sonidan olindi