1032 14.01.2026
Mamlakat taraqqiyoti bilan bog‘liq har qanday muhim strategik hujjatlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, xalqimiz bilan maslahatlashgan holda qabul qilish Yangi O‘zbekiston davlat boshqaruvida o‘ziga xos ijobiy anʼanaga aylandi.
Darhaqiqat, 2017-yilda ilk bor “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, xalqimizning taklif va mulohazalari asosida qabul qilingan edi. Keyingi yillarda davlat dasturlari, muhim konsepsiyalar, 2023-yilda esa Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi ham xalqimiz bilan bamaslahat qabul qilindi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularda daxldorlik hissini yanada yuksaltirish orqali kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdir. Zero, kuchli fuqarolik jamiyati har qanday mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligini taʼminlashda muhim omil hisoblanadi.
Bugun jamoatchilik muhokamasiga yana bir muhim hujjat – takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qo‘yilgan. Aytish joizki, fuqarolarimizning huquqiy va siyosiy ongi, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi tobora oshib borayotgani muhokama jarayonida qisqa vaqt ichida 1000 ga yaqin taklif va mulohazalar kelib tushganidan yaqqol ko‘rinib turibdi.
Tabiiy savol tug‘iladi: nega 2023-yilda qabul qilingan strategiyani qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘ldi?
Birinchidan, Davlatimiz rahbari 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida: “Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz – o‘z aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”, deb taʼkidlagan edilar. Biz oson yo‘lni tanlab, mavjud strategiyani davom ettirib, 2030-yilga kelib barcha maqsadlar bajarilganini eʼlon qilishimiz mumkin edi. Ammo bunday yondashuv islohotlarimizning asl mohiyatiga zid bo‘lar edi. Strategiyani qayta ko‘rib chiqish reyting yoki xalqaro imidj uchun emas, balki xalqimiz farovonligi, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashi uchun olib borilayotgan islohotlarning amaldagi isbotidir.
Ikkinchidan, bugungi kunda jahon tartiboti arxitekturasida keskin o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu holat global taʼminot zanjirlari orqali bog‘langan barcha mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga taʼsir ko‘rsatib, davlatlarni ichki va tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Uchinchidan, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanib, kundalik turmushimizga chuqur kirib kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotda yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, mehnat unumdorligini oshirish, muqobil energetikani jadal rivojlantirish kabi masalalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.
Yangilanayotgan strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish samaradorlik ko‘rsatkichlari ham takomillashtirilmoqda. Belgilangan vazifalarning aniqligi, dolzarbligi, o‘lchab bo‘ladigan natijalarga egaligi va bajarish muddatlarining aniq belgilanishi asosiy mezon sifatida qayta ko‘rib chiqildi. Bu esa umumiy va mavhum ifodalardan voz kechib, barcha uchun tushunarli hamda aniq natijaga yo‘naltirilgan maqsadlarni belgilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, strategiya ijrosini monitoring qilishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish nazarda tutilgan. Endilikda strategiya ijrosi nafaqat Oliy Majlis palatalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari tomonidan, balki keng jamoatchilik tomonidan ham strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platforma hamda “MyStrategy–2030” mobil ilovasi orqali kuzatib boriladi. Ushbu platformalar fuqarolar va davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni taʼminlab, har bir maqsad ijrosi bo‘yicha jamoatchilik fikrining muntazam yetkazilishini kafolatlaydi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bugungi real voqelik, aholining ehtiyojlari va zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirilmoqda. Ko‘zlangan asosiy maqsad har bir fuqaro uchun tushunarli, hayotiy va amaliy foydasi yaqqol seziladigan, uning o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan strategik hujjatni yaratishdan iborat.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat