Amaliy natijalar davri bu


539     15.01.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llangan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston islohotlarining asl mohiyati va maqsadini to‘la ochib berdi, deyish mumkin. Xalq vakili sifatida shuni ayta olamanki, tarixiy murojaatda mamlakatimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichi uchun ustuvor yo‘nalishlarga oid muhim tashabbus va vazifalar belgilab berildi.

Unda alohida ta’kidlanganidek, so‘nggi to‘qqiz yilda yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodiyot yangilandi, bozor mexanizmlari mustahkamlandi, ijtimoiy himoya kengaydi va qonun ustuvorligi hayotiy mezonga aylandi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar bugun har bir mahalla va xonadon hayotida sezilmoqda. Murojaatnoma islohotlarni endilikda aniq va barqaror natijalarga aylantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Savdo-iqtisodiy munosabatlar, transport-logistika, energetika, suv va ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya hamda sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarning bir butun tizimda ko‘rib chiqilishi esa davlat boshqaruvida strategik yondashuv kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Kelajakka mo‘ljallangan siyosiy yo‘l xaritasining yana bir muhim jihatlardan biri bu - parlament nazoratining kuchaytirilishidir. Masalan, bundan keyin tashqi qarz olish jarayonida Oliy Majlis vakolatlari kengaytiriladigan bo‘ldi. Bu shubhasiz, davlat moliyasida ochiqlik va mas’uliyatni oshiradi. Davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan aniq mezonlar esa korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida hokimlar va mahalliy Kengashlar raislari vakolatlarining ajratilishi masalasi ham millionlab yurtdoshlarimiz istayotgan masala edi. Endi 2026 yildan boshlab ushbu tamoyilning 208 ta tuman va shaharda joriy etilishi shubhasiz, hududiy boshqaruv samaradorligini oshiradi. Eng asosiysi mahalliy kengashlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Murojaatnomada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash joiz. Xotin- qizlarning qadr-qimmati, farzandlarimiz xavfsizligi va oilaning muqaddasligi esa jamiyat barqarorligining muhim omilidir. Murojaatnomada ana shu aqidaga yana bir karra urg‘u berildi.

Tarixiy hujjat ayni paytda biz - deputatlar uchun mas’uliyatni oshiradigan muhim dasturulamal bo‘lganini qayd etish joiz. Endilikda milliy parlamentimizning asosiy vazifasi ilgari surilgan tashabbuslarni joylarda real natijalarga aylantirishda faol ishtirok etishdir.

Bu yo‘lda deputatlar, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari birlashib, saylovchilar manfaatini qat’iy himoya qilishga qaratilgan ishlarni yanada ko‘paytirishlari lozim.

 

Sayyora JUMAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 14-yanvar sonidan olindi