Tub burilish pallasida eng muhimi ishonch!


731     20.01.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasi bosib o‘tilgan yo‘lni tahlil qilibgina qolmay, kelgusida amalga oshiriladigan islohotlarning aniq yo‘nalish va ustuvorliklarini ham belgilab berdi.

Aytish kerak, Yangi O‘zbekiston islohotlari natijasida milliy iqtisodiyotimiz barqaror o‘sish bosqichiga chiqdi, investitsiya muhiti tubdan yaxshilandi, ijtimoiy himoya tizimi mutlaqo yangi mazmun bilan boyidi. Yalpi ichki mahsulot, eksport salohiyati va oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha erishilgan ko‘rsatkichlar ham kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Ta’kidlanganidek, yakunlangan yilda tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksport 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi reja qilingani aytildi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollarlik chegarani bosib o‘tdi. Iqtisodiyotimizga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi ham izchil oshib, 43,1 milliard dollardan oshdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 31,9 foizni tashkil etmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini «BB-»dan «BB» pog‘onasiga ko‘targanini esa mutaxassislar xalqaro miqyosdagi e’tiroflar natijasi deb ta’kidlamoqdalar.

Eng muhimi, bunday o‘zgarishlar har bir hudud, har bir mahalla va har bir oila hayotida yaqqol aks etmoqda.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy ekani va bu - demokratiyaning birlamchi talabiligini ta’kidlar ekanlar: «...millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionlik el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi», dedilar. Shu asosda joriy yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili», deb e’lon qilindi. Bu esa yana bir bor davlat siyosati markazida inson manfaatlari, ijtimoiy birdamlik va hamjihatlik turganini ko‘rsatadi.

Mahalla - bu faqat yashash hududi emas, balki tarbiya, mehr-oqibat va fuqarolik mas’uliyati shakllanadigan muhim makon hamdir.

Bilamizki, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tkazish, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar O‘zbekistonning global raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Murojaatnomada adolatli davlat boshqaruvi, ochiqlik va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari ham markaziy o‘rin egalladi. Korrupsiyaga qarshi kurashni keskin kuchaytirish, raqamli davlat xizmatlari orqali inson omilini kamaytirish, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar esa jamiyatda ishonch va adolat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qisqacha aytganda, bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga - hal qiluvchi burilish davriga qadam qo‘ymoqda. Maqsad aniq: har bir fuqaro islohotlar natijasini o‘z hayotida his qilsin, daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan, zamonaviy va adolatli jamiyatni barpo etishda faol ishtirok etsin. Bu yo‘lda erishilgan yutuqlar ham, oldimizda turgan vazifalar ham xalqimizning birligi, mas’uliyati va kelajakka bo‘lgan ishonchi bilan chambarchas bog‘liq, albatta.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot xaritasi bo‘lib, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar mamlakatimizni yanada qudratli, jamiyatimizni esa yakdil va farovon etishga xizmat qiladi.

 

Rajabboy HASANOV,
Buxoro viloyati Kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 14-yanvar sonidan olindi