Ongli, bilimli yoshlar tinchlik va farovonlikni taʼminlashda bosh tayanchdir


639     21.01.2026

So‘nggi yillarda xalqaro maydonda yuz berayotgan turli jarayonlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshiliklar kuchayishi, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali vaziyat butun jahon hamjamiyatini jiddiy o‘yga solmoqda. Shu bilan birga, xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar avj olayotir, texnologik va ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirdi.

Bunday murakkab sharoit har bir davlatdan o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish bilan birga tashqi va ichki siyosatda o‘ta puxta, muvozanatli va uzoqni ko‘zlagan yondashuvni talab qiladi.

Hozirgi global voqelik shundan dalolat beradiki, barqaror rivojlanishga faqat o‘zaro ishonch, muloqot va amaliy hamkorlik asosida erishish mumkin. Xalqaro ommaviy axborot vositalari maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo miqyosida 59 ta faol nizo qayd etilgan. Bunday sharoitda xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch, muloqot va masʼuliyatli yondashuvning ahamiyati yanada ortib bormoqda.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz boshchiligida ichki va tashqi siyosatda tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq. Zero, ushbu islohotlar aniq natijalari bilan nafaqat mamlakat ichida, balki keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanmoqda. Olib borilayotgan siyosatning asosiy mohiyati davlat va jamiyat manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ochiqlik va amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, global miqyosda keskinlik saqlanib qola-yotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda islohotlarimiz uchun mustahkam moliyaviy baza bo‘ladigan oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatda tinchlikni saqlash va uni mustahkamlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tinchlik barqaror taraqqiyot, jamiyat farovonligi va insonlar hayotida xotirjam muhitni taʼminlovchi asosiy omil sifatida namoyon bo‘ladi. Yurtimizda tinchlikni asrash orqali ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlik va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch mustahkamlanadi. Bu esa iqtisodiy rivojlanish, islohotlarni izchil davom ettirish hamda aholining turmush darajasini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Taʼkidlash joizki, tinchlikni taʼmin-lash faqat xavfsizlik masalasi emas, balki keng maʼnodagi ijtimoiy va maʼnaviy jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq. Yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik va masʼuliyat ruhida tarbiyalash, jamiyatda qonuniylik va adolat tamoyillarini qaror toptirish tinch va osoyishta hayotimizning muhim shartlaridan biri.

Bugun yoshlar uchun taʼlim olish, o‘z qobiliyatini namoyon etish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Barcha sohalarda qulay shart-sharoitlar mavjud. Ammo vatanparvarlik tuyg‘usi qalbdan his etilmasa, tinchlikni asrab-avaylash kabi muqaddas burchni to‘liq anglash qiyin bo‘ladi. Shu bois, global o‘zgarishlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda mustaqil fikrlaydigan, o‘z fuqarolik pozitsiyasiga ega, ongli va masʼuliyatli yoshlarni tarbiyalash eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Aynan shu vazifani izchil va tizimli amalga oshirish orqali jamiyatda barqaror tinchlikni taʼminlash mumkin.

Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish faqat targ‘ibot bilan emas, balki amaliy ishlar orqali ham amalga oshirilishi kerak. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining parlament va yurtdoshlarimizga navbatdagi Murojaatnomasida aytilgan quyidagi fikrlar juda katta ahamiyatga ega: “Yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish bo‘yicha besh yillik dasturni tasdiqladik.

Mening niyatim — yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy taʼlimning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Buning uchun 2026-yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikumni to‘liq taʼmirlab, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boramiz. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazamiz”.

Darhaqiqat, yoshlarning Vatanga sodiqligi, ularning fikri va mehnati qadrlanayotganini his etishi muhim. Bu jihat ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga olib keladi. Ana shunda ular jamiyatdagi barqarorlikka befarq bo‘lmaydi, bo‘layotgan voqealarga masʼuliyat bilan yondashadi, mamlakat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini chuqur his qiladi.

Bugungi kunda axborot oqimi juda tez. Turli g‘oyalar, qarashlar va taʼsirlar yoshlar ongiga oson kirib kelmoqda. Shu bois, ularni mustaqil fikrlashga, haqiqatni yolg‘ondan ajrata olishga o‘rgatish alohida ahamiyat kasb etadi. Ongli, bilimli va hayotga to‘g‘ri qarashga ega yoshlar jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlashda ishonchli tayanch bo‘ladi. Yoshlar jamiyat hayotida faol ishtirok etsa, qonunlarga amal qilsa, adolat va o‘zaro hurmat qadriyat sifatida qaror topadi. Bu esa har qanday tahdid va beqarorlikka qarshi eng mustahkam qalqondir. Sababi tinchlik, avvalo, inson ongida, uning dunyo-qarashi va qadriyatlarida shakllanadi.

Shu maʼnoda, bugungi global o‘zgarishlar sharoitida yosh avlodni tarbiyalashga qara-tilgan amaliy harakatlar nafaqat hozirgi kun, balki mamlakatning kelajagi uchun ham xizmat qiladi. Ongli, masʼuliyatli va vatanparvar yoshlar bor joyda tinchlik barqaror bo‘ladi, jamiyat esa ishonch bilan olg‘a qarab rivojlanadi.

Prezidentimiz 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqida “Birinchi va Ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz”, deya taʼkidladi. Bu fikrlar bejiz aytilmagan. Bugungi kunda yoshlar davlat siyosatining markazida turibdi. Mamlakatda yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Taʼlim tizimini isloh qilish, innovatsiya va raqamli texnologiyalarni joriy etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar aynan yoshlar kelajagi bilan bog‘liq.

Bugungi global tahdidlar, axborot ma-konidagi keskin raqobat va mafkuraviy taʼsirlar sharoitida yoshlarning to‘g‘ri yo‘l tanlashi, sog‘lom tafakkurga ega bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, davlat tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosati mamlakatimizda tinchlik, barqaror-lik va uzoq muddatli taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va davlat boshqaruvidagi ishtiroki sezilarli darajada kengayib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili o‘nlab qonunchilik hujjatlari qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar qadam qo‘ymoqda va bu raqam 2030-yilda 1 millionga yetishi kutilmoqda. Yoshlar bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar natijasida so‘nggi 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 baravar oshdi, ishsiz yoshlar soni esa 2 baravar kamaydi. Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida “Vatan tayanchi” harakati tashkil etilib, unda 1 milliondan ziyod yosh qatnashmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlar huquqlari davlat tomonidan himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek, “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”.

Xulosa qilib aytganda, bugun dunyoda ko‘plab muammo va qiyinchiliklar mavjud bo‘lsada, O‘zbekiston o‘z yo‘lini oqilona va qatʼiyat bilan davom ettirmoqda. Tashqi va ichki siyosatda barqarorlik, hamkorlik va ishonchga asoslangan qarorlar qabul qilinmoqda. Bunday yondashuv milliy manfaatlarimiz hamda jamiyat farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish esa dolzarb vazifamizdir. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bizlar aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonamiz!

 

Firuza MUHITDINOVA,
yuridik fanlar doktori, professor
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 20-yanvar sonidan olindi