Barqaror yuksalish istiqbollari


868     22.01.2026

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli va kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi hamda ularni hayotga tatbiq qilish bo‘yicha vazifalar yangi tahrirdagi Konstitutsiya, 300 dan ortiq qonun va normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topdi. Bu tajriba xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik tamoyillar kabi uchta yo‘nalishga asoslangan. Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining uchta asosiy yo‘nalishiga tayanadi. Birinchi yo‘nalishda ijtimoiy soha qamrab olinib, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish, sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishda iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, innovatsiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga eʼtibor qaratiladi. Uchinchi yo‘nalish esa ekologik masalalarni o‘z ichiga olib, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Yangilanayotgan Strategiyada 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 mlrd. dollarga yetkazish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 5 800 dollarga oshirish, inflyatsiyani 5-6 foiz darajasida ushlab turish hamda davlat qarzini xavfsiz meʼyorlar doirasida saqlash kabi aniq maqsadlar belgilangan. Bu vazifalar mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan.

Unda barqaror rivojlanishni tizimli asosda davom ettirish aholi ehtiyojlari, global tendensiyalar va mamlakatning o‘rta muddatli rivojlanish maqsadlarini hisobga olib takomillashtirildi. Strategiya markazida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili turadi, har bir qaror inson manfaati, hayot sifati va farovonlik nuqtai nazaridan baholanadi.

Shuningdek, unda ushbu maqsadlarga erishish uchun aniq vazifalar, ko‘rsatkichlar va amaliy mexanizmlar belgilangan. Ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, aholi salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi aniq chora-tadbirlar shular jumlasidan.

Dunyo davlatlari tajribasidan maʼlumki, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish orqali mamlakatda moddiy farovonlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik taʼminlanadi. Shu nuqtai nazardan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zamonaviy statistika va monitoring tizimlari tashkil etilgan bo‘lib, ular milliy maqsadlar va ijtimoiy siyosatning samaradorligini baholashda muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbekiston — 2030” strategiya-sida “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish” g‘oyasi ham ilgari surilgan. Shu maʼnoda, mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, inson kapitalini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. Taʼlim sohasidagi islohotlar, yangi oliy taʼlim muassasalari tashkil qilinishi va taʼlim imkoniyatlarining kengayishi bu yo‘nalishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Demak, ushbu hujjatda mamlakatni barqaror, raqobatbardosh va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat sifatida rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Unda belgilangan maqsadlar va vazifalar iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik hamda ekologik muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, Strategiya inson manfaatlarini oliy qadriyat sifatida belgilab, har bir fuqaroning hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yasashga qaratilgan.

Yangilanayotgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda asosiy huquqiy, iqtisodiy va institutsional bazani taʼminlaydi. U mamlakatni barqaror, raqobatbardosh va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat sifatida rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlarni davom ettirishni nazarda tutadi.

 

Jamila BOBONAZAROVA,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi