848 22.01.2026
Toshkent shahar Kengashida “Siyosatchi ayollar klubi”ning 2025-yildagi faoliyati tahlil qilindi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda gender tenglikni taʼminlash, oilaviy barqarorlikni mustahkamlash, ajrimlar sonini kamaytirish, bolalar huquqlarini himoya qilish hamda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga bo‘lgan eʼtibor tobora kuchaymoqda. Shu nuqtayi nazardan, “Siyosatchi ayollar klubi” tomonidan amalga oshirilgan tashabbuslar amaliy natijalari bilan ahamiyatlidir. Xususan, hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlar, joylardagi muammolarni o‘rganish, doimiy komissiyalarga kiritilgan taklif va tashabbuslar orqali ayol deputatlarning ham faol ishtiroki taʼminlanmoqda.
Tadbirda yakuniga yetgan yilda klub faoliyati sarhisob qilinib, poytaxt “Siyosatchi ayollar klubi” tomonidan reja qilingan vazifalar bajarilgani, natijalar salmoqli bo‘lgani qayd etildi. Ayrim kamchilikni hal etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Shuningdek, gender tenglik masalalari, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlarning oldini olish, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda ilm-fanga keng jalb etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Bu borada tizimli yondashuvni kuchaytirish, mahallalar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda manzilli ishlash zarurligi taʼkidlandi.
Xulosa qilib aytganda, “Siyosatchi ayollar klubi” faoliyati jamiyatda ijtimoiy adolatni mustahkamlash, ayollarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Uchrashuv yakunida partiyaning bu boradagi maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, 2026-yilda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.