618 22.01.2026
Kitob fikrlashni rivojlantiradi, so‘z boyligini oshirib, xotirani kuchaytiradi. Eng asosiysi, tafakkurni mustahkamlab, muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochishda kalit hisoblanadi.
Insoniyatning eng buyuk kashfiyoti - kitobning foydasi haqida yana uzoq gapirish mumkin.
Bugunga kelib Kitobxon millatga aylanish, ayniqsa, yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirishga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar tobora yangicha mazmun ham kasb etmoqda. Har yili «Kitobxonlik haftaligi», «Yosh kitobxon oila», «Eng yaxshi kitobxon mahalla», «Eng yaxshi kitobxon ta’lim muassasasi», hatto «Eng namunali kitob do‘koni» tanlovlarini o‘tkazish an'anaga aylandi. Ayniqsa, «Yosh kitobxon» tanlovining qamrovi yildan yilga oshayotganini aytish joiz. Qayd etilishicha, bugunga kelib ushbu tanlov 4 milliondan ortiq yoshlarni qamrab olgan, g'oliblar esa Prezident sovg'asi - «Spark» avtomashinasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.
«O‘zbekiston - 2030» strategiya- sida ham kitobxonlik bo'yicha bir qator vazifalar belgilangan bo'lib, yosh kitobsevarlar sonini 5 milliondan oshirish, har yili 100 ta badiiy asar va bolalar-o'smirlar uchun 50 ta kitob yaratish, «O‘zbek adabiyoti xazinasidan» ko‘p jildlik va «Jahon bolalar adabiyoti durdonalari» 100 jildligini o‘zbek tilida nashr etish hamda qariyb 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish belgilangan.
Prezidentimizning 15 yanvarda qabul qilingan «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori esa, shubhasiz, bu boradagi ishlarni butunlay yangi bosqichga ko‘taradi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhimi qarorda 2026-2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi, ya’ni bir odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 taga yetkazish maqsadida Yoshlar ishlari agentligida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda jamg‘arma tomonidan kitobxonlik bilan bog‘liq loyihalar moliyalashtirilib, har yili Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘ miqdori joriy yildan boshlab 20 milliard so‘mga yetkazilishi aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilganini aytish joiz.
Qarorda aholi o‘rtasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish bo‘yicha ham chora- tadbirlar belgilandi. Xususan, 2026-yilning fevral oyidan boshlab «Kitob - ma'rifat manbai» dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Maktablarda esa «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari ish boshlaydi. Barcha vazirlik va idoralarda «Kitob burchagi» tashkil etilib, xodimlar uchun har oyda «Kitob o‘qish» soati yo‘lga qo‘yiladi. Kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tuzilib, eng ko‘p kitob o‘qigan xodim bir oylik ish haqi, «Top-100»likka kirgan o‘quvchi va talabalar esa BHM 25 baravari miqdorida mukofotlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston qiyofasi» maqomini olgan hududlarda namunali 330 ta mahalla kutubxonalari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori partiyamizning saylovoldi dasturida kitobxonlikni ommalashtirish bilan bog‘liq belgilangan vazifalar bilan hamohang desak to‘g‘ri bo‘ladi. Partiyamizning ushbu yo‘nalishdagi o‘tgan yilgi faoliyati ham samarali bo‘lganini aytish joiz. Jumladan, «Biz kitobsevar xalqmiz» aksiyasi doirasida hududlarda «Bolangiz bilan kitob o‘qing!» marafoni tashkil etildi. Unda o‘nlab bog‘chalarga 63 nomdagi jami 630 dan ortiq adabiyotlar va kitob javonlari yetkazib berildi. Bir qator yetakchi nashriyotlar bilan hamkorlikda «Mahorat darslari» tashkil etildi.
Bundan tashqari, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tavsiya etiladigan 150 ta adabiyot ro‘yxati shakllantirildi. «Bolalar kitobxonligini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi. Davlatimiz rahbari kitobxonlik bilan bog‘liq tadbirlardan birida: «Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti - kitob va kutubxonalarda», degan edilar. Bugun ushbu fikrlarning amaliy ifodasi Yangi O‘zbekistonda o‘zining isbotini topmoqda. Zero, bashariyat asrlar osha qanday yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, albatta, buning zamirida kitobga mehr, mutolaaga ishtiyoq mujassam bo‘lgan.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonumchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi