Kelajak uchun barchamiz birdek mas’ulmiz


752     23.01.2026

Hech bir davlat tashqi hamkorlarsiz rivojlana olmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosati yurtimizni global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylantirmoqda, desak xato bo‘lmaydi. Eng asosiysi, teng sheriklik va do‘stona munosabatlar asosiga qurilgan tashqi hamkorligimiz yurtimiz rivoji, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston bugunga kelib, 165 davlat bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygani, keyingi yillarda 11 ta mamlakat bilan strategik sheriklik o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetganiga bejiz urg‘u berilmayapti. O‘tgan yili esa Prezidentimizning 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflari amalga oshirildi.

Ayniqsa, «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar kutilganidan ham samarali bo‘lganini ekspertlar alohida ta’kidlamoqdalar.

Shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida umumiy qiymati 160 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Natijada tarixda birinchi marta tashqi savdo aylanmasi 80 mlrd, eksport esa 33,5 mlrd dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya keskin ko‘payib, 43 mlrd dollardan oshdi. E’tiborlisi, 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 mlrd dollarga ko‘paydi. Umuman olganda, 2025-yilda tashqi siyosat ham ko‘p jihatdan natijador bo‘ldi. Shu o‘rinda 2026-yilgi milliy iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 mlrd.dan oshirish, eksportni 40 mlrd, xorijiy investitsiya miqdorini esa 50 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olinganini aytish joiz. Albatta, bunday natijalarga erishish uchun diplomatik vakolatxonalarimiz faol harakat qilishlari lozim. Qolaversa, xalqaro munosabatlardagi beqarorlik, kutilmagan va oxirini taxmin qilib bo‘lmaydigan voqea-hodisalar tashqi siyosatimizni ham milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, yangicha tashkil qilish, xalqaro talab va takliflar asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar vakillari bilan o'tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu ma’noda ham fuqarolarimiz dilidagi gaplar aytildi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu - investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport- logistika yo‘laklarini ishga solib, turistlar oqimini ko‘paytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir. Videoselektorda turizmni ham iqtisodiyotning muhim strategik tarmog‘i sifatida yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni keskin o‘sib, 11,5 millionga, turizm eksporti esa 4,8 mlrd dollarga yetdi. Vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga yetdi. Shundan kelib chiqib, 2030-yilgacha turistlar oqimini 2 karra oshirib, 20 mln.ga yetkazish reja qilingan. Yig‘ilishda eng yirik autsorsing kompaniyalarni jalb etish zarurligidan kelib chiqib, Rossiya, Belarus, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSHdagi elchilarimiz oldiga aniq vazifalar ham qo‘yildi. Bir qator elchixonalarda esa turizm va madaniyat bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy etiladigan bo‘ldi. Yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa natija ekani bejiz ta’kidlanmadi. Bugun nafaqat elchilarimizdan, shu yurtda yashayotgan barcha vatandoshlarimizdan ham natija uchun ishlash talab etilmoqda. Zero, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va farzandlarimiz kelajagi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.

 

Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi