Millat ziyolisi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining birinchi raisi Aziz Qayumov hayot bo‘lganida 100 yoshga to‘lgan bo‘lardi…


566     23.01.2026

86 yoshida ham ilmiy izlanishdan to‘xtamagan, 70 yillik umrini esa kutubxonada o‘tkazgan, O‘zbek tili va Navoiy ijodi uchun eng ko‘p qayg‘urgan, «Milliy tiklanish»ning ilk mashaqqatlarini boshdan o‘tkazgan olim...

Haqiqatan ham nafaqat, navoiy- shunoslik balki, o'zbek tili rivoji uchun ham umrining so'nggi kunlarigacha joy kuydirgan olim, millatni ilmli qilishdek yukni 70 yildan ortiq yelkasiga ortib, ona vataniga beminnat xizmat qilgan Aziz Qayumov xalqimizning chin farzandi edi. Olimdan salmoqli asarlar (30 tom), she'r va g'azallar, muxammaslar, tarjima va tabdil kitoblar, boy ilmiy tadqiqotlar meros bo'lib qoldi. Domla intervyularidan birida bolaligini shunday xotirlagan ekan:

«Men 1926 yilning 19 yanvarida Qo'qon shahrida bor boyligi kitobu qo'lyozmalardan iborat bo'lgan ziyoli oilada dunyoga keldim. Otamning bobosi Abdurahim Mirzo Qo'qon xoni saroyida mirzaboshi bo'lgan. Aytishlaricha, yangi taxtga o'tirgan xonlardan biri u kishini ham avvalgi hukmdorning odami, deb o‘limga hukm qilgan ekan. O'shanda katta bobomizni dorga olib ketishayotganda, shahar ahli norozilik bildirib xondan hukmni bekor qilishni talab etibdi. Shundan keyin Xon chopar yuborib, katta bobomni dor ostidan qaytargan ekan...

Domlaning ta’kidlashicha, bobosi Abduqayum Mirzo xattotlik bilan shug‘ullangan bo‘lib, u kishi haqida Qo‘qon xonligi tarixiga oid «Ansob us-salotin» kitobida ham ma’lumot berilgan.

Manbalarda keltirilishicha, Toshkentda toshbosma usulida kitob chop etish endigina yo‘lga qo‘yilgan davrlarda Abduqayum Mirzo Hofiz, Navoiy, Fuzuliy va Bedil devonlarini husnixat bilan ko‘chirib bergan va ana shu qo‘lyozmalar litografiya usulida ko‘paytirilgan. U kishi ko‘chirgan kitob nusxalari hozir ham Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

Azizxon Qayumov otasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Po‘latjon Qayumovning bir umr muallimlik qilganlarini gapirib, shoir Hamzaning yaqin qadrdoni bo‘lganini alohida ta’kidlaydi.

Qo'qonda usuli jadid - yangi usuldagi maktab ochganlar, bu maktabdan esa keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidentlari, ikki zabardast olim - Ubay Orifov va Tesha Zohidovlar yetishib chiqqan. Azizxon Qayumovning 2008 yil Abdul Sobir bilan bo‘lgan suhbatida keltirilishicha, Po‘lat Qayumov uch kitobdan iborat «Tazkirayi Qayumiy», «Qo‘qon tarixi va uning adabiyoti» asarlarini yozgan. Forsiyzabon ijodkorlar haqida esa o‘zbek tilida ikki jildlik «Tazkiratush- shuaro» qomusini tuzgan, uchta yirik tazkirani forschadan o‘zbek tiliga o‘girgan. Onasi Adolatxon Qayumova ham xat-savodli, adabiyotdan yaxshi xabardor ziyoli ayol bo‘lgan.

 

«YOZISH MEN UCHUN - KO'NGIL AMRI, QALB EHTIYOJI...»

Filologiya fanlari doktori, professor Qosimjon Sodiqov Aziz Qayumovning faoliyatini ikki davrga ajratadi: birinchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutiga rahbarlik qilgan yillari bo‘lsa, ikkinchi va eng ko‘zga ko‘ringani, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar institutiga rahbarlik qilgan paytlaridir. A. Qayumov Til va adabiyot institutiga rahbarlik qilgan chog‘larda eski yozma yodgorliklarning ilmiy nashrlarini yaratish va ularni chop ettirishga katta e’tibor qaratdi (men buni u kishining suhbatlari va o‘sha zamonlarni ko‘rib bilgan, qo‘l ostida ishlagan olimlarning og‘zidan eshitganman). O‘sha kezlar A.Qayumovning tavsiyasi bilan «Devonu lug‘atit-turk» asari, «Qutadg‘u bilig» masnaviysining, «Hibatul-haqoyiq»ning ilmiy nashrlari yaratilgan va chop etilgan.

Qo‘lyozmalar institutidagi uzoq yillik ilmiy va rahbarlik faoliyati davomida esa olim o‘zbek ilmida, o‘zbek sharqshunosligida o‘ta muhim va murakkab yo‘nalishga asos solgan. O‘rta Osiyo xalqlarining eng eski yozma yodgorliklarini keng ko‘lamda ilmiy o‘rganish ishlarini boshlab bergan, ko‘hna bitiglarni tadqiq etuvchi mutaxassislar yetishib chiqishi hamda ushbu sohaning yuksalishiga bosh-qosh bo‘lgan. Darvoqe, domla o‘zining yozishga bo‘lgan ishtiyoqi xususida gapirar ekan: «Talabalikdan qolgan odatim - har kuni erta tongda besh sahifa yozaman. Hatto chet el safarlariga chiqqanimda ham ana shu odatni kanda qilmaganman. Negaki, yozish men uchun - ko‘ngil amri, qalb ehtiyoji», - degandi.

 

«O‘ZLIK HAQIDA SUHBAT»DAN PARCHA...

Aziz Qayumovning «Milliy tiklanish» demokratik partiya- sidagi raislik davri asosan partiyani tashkil etish, uning nizomiyu, dasturlarini yaratish davriga to‘g‘ri kelgan. O‘sha paytdagi suhbatlardan birida domla shunday xotirlagandi: «Partiya birinchi tashkillashtirilgan vaqtda ko‘pchilikning munosabati ham boshqacha edi. Odamlarimiz bunga tayyor emasdi. Mana, bugun partiya g‘oyaviy- mafkuraviy jihatdan ham, moliyaviy-iqtisodiy masalada ham o‘z yo‘liga ega bo‘lib bormoqda. Lekin shunday vaqtlar bo‘lganki, yashirishga hojat yo‘q, partiya raisining bir alohida xonasi, kursisi, hatto to‘rtta qog‘ozi ham bo‘lmagan. Shu sharoitda ishlaganmiz. Masalan, Yangiyo‘l shahrida partiyaning shahar va tuman Kengashlarini tuzish kerak edi. Shu maqsadda, bir odam xizmat safariga borib, o‘sha yerdagi aholini jalb qilgan holda partiyaning boshlang‘ich tashkilotlarini tuzishga rahbarlik qilishi kerak. Men o‘sha vaqtda partiya raisiman. Lekin hech tortinmasdan aytaman, avtobusga yo‘l haqi uchun yigirma so‘m pul topolmaganmiz.

Hozir siyosiy partiyalar uchun mamlakat budjetidan mablag‘ ajratiladi. O‘z g‘oyasi, mafkuraviy qarashlarini to‘la- to‘kis amalga oshirishi uchun barcha sharoit bor. Gap faqat bu imkoniyat va sharoitdan unumli foydalana olishda».

2017-yili «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan shu nomli loyihaning ilk mehmoni ham Aziz Qayumov bo‘lgan edi. Negaki, domla bu partiyani oyoqqa turishida birinchilardan bo‘lib yelka tutgan. Millat qadriyatlarini ardoqlovchi, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi bir partiya bo‘lishi uchun halovatidan kechgan fidoyilardan. Tashkil etilganida hatto o‘z binosi bo‘lmagan «Milliy tiklanish»ning ilk poydevorini tashlaganlar ham Aziz Qayumov va uning hamfikrlari bo‘lgan. Xurshid Do‘stmuhammad bilan kechgan suhbatda domla o‘sha davrlarni shunday xotirlaydi: «Oliy Majlis sessiyasida hujjat qabul qilinayotgan paytda «shalog‘, ya’ni haqorat gap gapirgan davlat xizmatchisi ham ma’muriy jazoga tortilishi lozim», degan taklif kiritganman. Chunki o‘zligini anglab yetgan inson haqorat gaplarni gapirmaydi. Bunday muomala madaniyatli odamga nomunosib, ham odobdan emas. Hech qachon bilimli, madaniyatli odam og‘zini yomon gaplar bilan bulg‘amaydi. Aksincha bo‘lsa, bunday odam ham o‘zini, ham atrofdagilarni haqorat qiladi. «Ulug‘lardan meros bir hikmat bor: «Quyosh bir tekis nur sochsa-da, sahroda tikan, bo‘stonda gul bitadi». Chindan ham odamzotning insonlik darajasiga chiqishida peshonaga bitilgan taqdir, nasl-nasabi, ota- onasi bergan tarbiya, oiladagi muhit, u dunyoga kelgan va yashayotgan mamlakatdagi imkoniyatlar katta ahamiyatga ega. Navoiy aytadi: «Umidimdan mani xursand etgil, Umidim shu, umidingg‘a yetgil». E’tibor bering, meni maqsadimni amalga oshirib, meni xursand qilgil umidim. Mening maqsadim nima? Maqsadim shulki, sen o‘z maqsadingga erishgil. Sening o‘z maqsadingga erishmog‘ing mening maqsadimdir. Biz, hozirgi avlod xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin, bitta umid bilan yashaymiz: O‘zbekistonning buyuk kelajagini yaratish. Navoiy bu yerda faqat bir shaxsning emas, balki elning baxtli hayot kechirishini nazarda tutayapti.

El madaniyati yuksalishini, odamlarning bir-biriga mehr- oqibati kuchayishini istayapti...». Chin millat farzandlarigagina xos bo‘lgan orzu... Millatining yuksalishi, xalqi farovonlikda yashashi, davlatning buyuk kelajagini yaratishga hissa qo‘shish...

Bu suhbat Yangi O‘zbekiston o‘z maqsadlari sari ilk odimlarini tashlay boshlagan yillarda bo‘lgan. Ammo domlaning orzusi bugun ushala boshladi. Bu orzu yanada yuksalib, minglab, millionlab yuraklarga ko‘chgan... Chindan ham bugun navqiron avlodda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini kuchaytirishda ijodkor- ziyolilarimiz faoliyati nurli mayoq bo‘lib xizmat qilayotir. Ayniqsa, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan, qarashlar va manfaatlar evrilishi avj olayotgan bir davrda milliy o‘zlikni anglash, shaxs milliy qiyofasini saqlab qolish global muammo sifatida kun tartibida turibdi. Bu muammo yechimining asosi shaxs qalbini ma’naviyat chirog‘i bilan ravshan qilishdir. Bunda, avvalo, xalq ziyoli qatlamining o‘rni beqiyos ekani kundek ravshan.

KATTA LAVOZIMNI RAD ETGAN, AMMO...

Qayd etilishicha, hali o‘zbek adabiyoti tarixi yozilmagan bir davr, qolaversa, oliygohlar uchun adabiyot darsligi, o‘zbek tili grammatikasi bo‘lmagan bir davrda uni rahbarlikka tayinlaganlarida domla: «Mening o‘rnim Til va adabiyot institutida, otam til va adabiyot fanidan o‘qituvchi, mening ukam adabiyotchi-ku», deya buni rad etganlar. Ammo 18 yil rahbar bo‘lib ishlashiga to‘g‘ri kelgan. Chunki kattakonlar undagi salohiyat u rahbar bo‘lgan tizimni rivojlantirishga yetishiga ishonishgan. Lekin domla suhbatlarda rahbarlik davridayam biron soniya ilmdan uzilmagani, tinimsiz o‘qib, izlanganini aytgan. «Qanday ishlar topshirishmadi. Chidadim. Navoiyning «Lison ut-tayr» asari tadqiqotini Koreyaning Pxenyan shahrida yozganman. Bizning ishimizda laboratoriya kerak emas, maxsus suyuqliklar kerak emas. Faqat ishlash kerak, ishlash. Har kuni. Men bir kunda kamida besh varaq yozishni odat qilganman. Hozir ham. Axir, o‘n jildlik asarlar to‘plamim bekordan-bekorga paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu har kungi ijod, har kungi peshona teri mahsuli.

XOTIRALAR...

Akademik Aziz Qayumov xotirasiga bag‘ishlab chop etilgan ilmiy-uslubiy maqolalar to‘plamida filologiya fanlari doktori, professor Ibrohimjon Yo‘ldoshev ushbu voqeani keltiradi: «Har safar borganimda domla o‘z dastxatlari bilan o‘ttiz-qirq sahifadan iborat qo‘lyozmalarni berardi. Qog‘ozning birontasi ham yangi qog‘oz bo‘lmay, qachonlardir bir tomoniga yozilgan, lekin ikkinchi tomoni toza bo‘lganligi bois o‘sha tomoniga yozilgan, sarg‘ayib ketgan bo‘lardi. Men bundan hijolat tortib, ikki-uch bor yangi qog‘ozlar olib boraman, oylik maoshlarini eltib beraman, ustoz ularni asta bir chekkaga olib qo‘yadilar. Kunlardan birida buning sababini so‘raganimda, Navoiy asarlari bo‘yicha kitoblar yozganliklarini, bu qog‘oz va pullarni ularning nashriga sarf etishlarini aytgandilar».

Adabiyotshunos, filologiya fanlar nomzodi Otabek Jo‘raboyevning yozishicha, 2017 yilning 3 noyabrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir guruh olimlar bilan uchrashuvlarida akademik A.Qayumovning chiqishini juda diqqat bilan tinglab, «Azizxon aka barcha bildirgan fikrlaringizni inobatga olamiz», - degan ekan.

«Domla tom ma’noda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlovchi ustoz edi, - deb xotirlaydi Jo‘raboyev. - Qo‘lidan kelsa, moddiy yoki boshqa jihatdan, eng kamida yaxshi so‘zi va e’tirofi bilan ko‘ngilni ko‘tarar edi. Garchand o‘zi ulkan olim, mumtoz adabiyotning katta bilimdoni bo‘lsa-da, bu sohada amalga oshgan biror kichik yutuqni yosh tadqiqotchidan eshitsa, olqishlab: «Qarang-a, bilmas ekanmiz. Sizga rahmat», der edi. Diqqatga sazovor yana bir xususiyati ustoz yoshi ulg‘ayib qolganida ham ilmiy yig‘in va anjumanlarda, ayniqsa, yosh olimlar konferensiyalarida imkoni boricha oxirigacha o‘tirar, har bir chiqishni diqqat bilan eshitardi. Yodimda bor, yoshlar anjumanida ustoz biroz toliqdimi, tadbirni tanaffus bilan davom ettirishni taklif qildi. Lekin uzoqdan kelganlar ko‘proq ekanmi, shu kuniyoq anjumanni tezroq tugatish uchun tanaffussiz ishlash ma’qul topildi. Shunda domla «men akademikman, yoshim ulug‘» demadi, indamay rozi bo‘ldi va bir fursatdan so‘ng uzr aytib chiqdi. Domlani kuzatarkanman, yuzida xafalik sezmadim.

Domla Fanlar akademiyasidan boshqa tizimda ishlaganda ham ilm-ma’rifatli yoshlarni qo‘llab- quvvatlashga alohida e’tibor berar edi. Masalan, Kinematografiya davlat qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlab yurgan kezlari, u vaqtlarda yosh va iste’dodli shoir Rauf Parfining ishsiz qolganini eshitib qoladi. Shoirni huzuriga chaqirtirib, biroz suhbatlashgach, uni ishga oladi. Qizig‘i shundaki, shoirga hech qanday vazifa yuklatilmaydi. Faqat hafta oxirida rahbar - Azizxon Qayumov xonasiga kirib hisobot topshirishi kerak edi. Bu jarayon esa Rauf Parfining yangi yozgan she'rlarini domlaga o'qib berish bo'lgan. Shu zaylda shoir bir necha muddat ishlaydi. Keyinchalik shoir «o‘zim uyalib, bo'shab ketdim», deya eslagan va «Bitiktosh. Azizxon Qayumovga» deya she’r ham bitgan. Albatta, Azizxon domla keyinchalik o‘zi haqida shoirning she’r yozishi, iliq xotirlashi uchun emas, yosh bir noyob iste’dodni sarson bo‘lmasligi, xotirjam ijod qila olishi uchun o‘z imkoniyati doirasida yordam qilishni ko‘zda tutgan...»

MILLATNING KELAJAGI - USTOZLAR QO‘LIDA

Hech bir istisnosiz ayta olamizki, Navoiy ijodi - biz uchun katta xazina. Bu xazinadan barcha birdek bahramand bo‘lishi uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz, degan savolga Aziz Qayumov shunday javob bergan ekan: «Bu borada ikkita misol keltirmoqchiman. Birinchidan, Alisher Navoiyning ijodini, avvalo, oddiy maktab o‘qituvchisi yaxshi bilishi va yosh avlodda bu ulug‘ merosga muhabbat uyg‘otishi kerak. Ikkinchidan, Navoiy asarlari mag‘zini o‘quvchilarning yoshini e’tiborda tutgan holda soddalashtirib bayon qilish natija berishi aniq. 1985 yilda A. Serikova degan bir rus turkolog olima «Xamsa» dostonlarini sodda qilib, rus tilida qayta yozib chiqqan edi. Bu kitobcha hammaga ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, rus tilida o‘qitiladigan maktablarda bu kitobchani qidirib yurishardi. O‘qituvchilar bundan samarali foydalanganlar. Mana, sizga ikkita misol.

Kattalar uchun esa Navoiy asarlarining nasriy bayonlarini tayyorlash lozim bo‘ladi. Ulug‘ shoir asarlarini bevosita o‘qib- o‘rganish uchun esa, kitobxondan alohida tayyorgarlik talab qilinadi. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlayman. «Boburnoma»ning tabdil etilishi, buyuk mutafakkirga bag‘ishlangan ensiklopediya nashri diqqatga sazovor. Alisher Navoiy ijodini o‘rganish borasida ham oldimizda katta ishlar turibdi. Hamma gap maorifda, millatning kelajagi - ustozlar qo‘lida».

HOKIMGA OCHIQ XAT

Haligacha ko‘pchilikni Aziz Qayumovni Toshkent shahar hokimiga ochiq xat yozishga nima majbur qildi, ekan degan savol qiziqtiradi.

O‘zAda berilgan ushbu ochiq xatning yozilishiga Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Oliy ta’lim tizimi tarkibiga o‘tkazilgan qisqa muddatda muzeyning Toshkent shahar, Alisher Navoiy ko‘chasi 69-uyda joylashgan binosining ma’lum bir qismi 2016-yilda kir yuvish bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorga noqonuniy ravishda xususiylashtirib berib yuborilgani sabab bo‘lgan. Muzey binosining bu qismida Alisher Navoiyning ijodiy merosi aks etgan ekspozitsiyalar joylashgan bo‘lib, bino devoriga o‘z davrida mashhur rassom Chingiz Ahmarov hamda Temur Sa’dullayevlar tomonidan devoriy rasm ishlangan. Alisher Navoiyning ekspozitsiyalar zali, uning devoridagi suratlar o‘z davri uchun ham, bugungi kun va kelajak avlod uchun ham o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho xazina hisoblanadi. Domlaning sa’-harakati bilan bu xazinalar saqlanib qolingan. Bir so‘z bilan aytganda, bugun Aziz Qayumovning yuzlab shogirdlari nafaqat mamlakatimiz, balki Turkiya, BAA kabi davlatlarda uning yo‘lini davom ettirishayotgani domlaning bu hayotda behuda yashamagani hamda ilmiy merosi barhayot ekanidan dalolatdir.

 

Mahbuba KARIMOVA
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi