471 23.01.2026
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi palata qarori loyihasi muhokama qilinib, ma’qullandi.
Mazkur qaror hududlarni shunchaki qayta taqsimlash emas, balki Samarqand shahrining uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi tizimli va puxta rejalashtirilgan qaror bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Samarqandni aholi soni millionlik zamonaviy shahar sifatida shakllantirish, shaharsozlik jarayonlarini markazlashgan va samarali boshqarish, uy-joy masalasida esa mavjud ehtiyojlarni bosqichma- bosqich hal etish hamda infratuzilmani rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishdan iborat.
Shu nuqtayi nazardan Samarqand tumani alohida ma’muriy birlik sifatida tugatilib, uning hududlari Samarqand shahri va qo‘shni tumanlar o‘rtasida qayta taqsimlanmoqda. Jumladan, shahar hududi Oqdaryo tumanidan 1 410,6 gektar, Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar, Samarqand tumanidan 13 308 gektar hamda Toyloq tumanidan 1 265,6 gektar yer hisobiga kengaytirilmoqda. Ayni paytda hududlar o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash maqsadida Samarqand shahridan 518 gektar, Samarqand tumanidan 1 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumaniga, shuningdek, Samarqand tumanining 28 295 gektar yer maydoni Toyloq tumaniga o‘tkazilishi belgilandi. Ushbu o‘zgarishlar jarayonida esa yer maydonlarining amaldagi yer fondi toifalari saqlab qolinadigan bo‘ldi.
Natijada Samarqand shahrining umumiy hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga yetib, shaharni kompleks rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yangi imkoniyatlar yuzaga kelmoqda. Tahminlarga ko‘ra, shahar aholisi 604 ming nafardan 882 ming nafargacha oshadi. «Shirin» shaharchasi, «Temir yo‘l orti» va «Qorasuv-2» massivlarida esa 309 ming aholiga mo‘ljallangan 710 ta ko‘p qavatli uy-joylar quriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar, jumladan, zamonaviy istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maydonlar, akvaparklar, havo sharlari majmualari, yashil hududlar, logistika markazlari va servis obyektlarini barpo etish orqali shahar iqtisodiy faolligi va turistik jozibadorligi yanada ortadi. Muhokamalar davomida mazkur masala tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida oldindan ko‘rib chiqilgani, shuningdek, chegaralarning kartografik chizmalari va huquqiy tasniflari kelishilgani ma’lum qilindi.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi