Tarbiya bu qadriyat, zo‘ravonlik esa illatdir


491     23.01.2026

Buyuklar aytganidek, ta’lim-tarbiya masalasi na vaqt, na makon tanlaydi. Bundan 3-4 asr avval qanday ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugun ham dolzarb masala sifatida qaraladi. Yoki bo‘lmasa, yosh avlod tarbiyasiga bizdan minglab kilometr uzoqda bo‘lgan amerikaliklarda ham, Hindiston yoki belorussiyaliklarda ham doimiy kun tartibidagi masala sifatida qaraladi.

Shu nuqtayi nazardan bola tarbiyasiga yondashuv ham qadriyat aslida. Ammo “qadriyat” niqobi ostida bolaga zo‘ravonlik qilish, uni haqoratlash, qo‘pol muomalada bo‘lish, kayfiyat yomon bo‘lsa urish yoki jazolash pedagogikaga ham, xalqona qarashlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Partiya rahbari Alisher Qodirov bu xususda gapirib, jamiyat hayotida kuzatilayotgan bolaning qaysi tilda ta’lim olishini belgilash ota yoki onaning emas, balki bolaning ustun huquqi ekanini, shuningdek, oilada ayolga xizmatkor emas, buyuk avlodni tarbiyalovchi ona sifatida munosabatda bo‘lish va bu har tomonlama bilimli va kuchli avlodni yetishtirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bolaning ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lishi haqida gap ketar ekan, bu masala faqat til bilan cheklanmasligi kerak. Ta’lim o‘zbek tilida bo‘lishi bilan birga, tarbiya ham milliy ma’naviyat, qadriyatlarimizga hurmat va adolat asosida bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda yana bir og‘riqli masala. Xotin-qizlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish, uning mehnatini qadrlamaslik, uy- ro‘zg‘orning barcha og‘ir yukini ayol zimmasiga tashlab, ustiga- ustak zo‘ravonlik qilishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ulug‘lardan qolgan bir gap bor: «Ayoli qadrlanmagan jamiyatda buyuklar yetishib chiqmaydi».

 

Maqsuda OCHILOVA,
Navoiy viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi