Insta qopqon yoxud hashamat ortidagi ertaklar…


690     23.01.2026

AQSHning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tadqiqotlarida instagram orqali mashhur insonlar yoki ayrim jurnalist va blogerlar namoyish etayotgan ideal hayotni muntazam kuzatish ijtimoiy bosimni, ya'ni «boshqalardan qolib ketmaslik» qo'rquvini paydo qilishi ma'lum bo'ldi. Respondentlarning 18 foizi ijtarmoqda hashamatni ko‘z-ko‘z qilishni normal holat deb baholagan bo'lsa, 23 foizi instagramsiz hayot qiziq emasligini, 12 foizi esa instablogeru mashhurlardek bo‘lishga intilish juda og‘ir ekanini bildirgan. Agar 38 foiz respondent instagram kishini hayotiy muammolardan chalg‘itishini bildirgan bo‘lsa, faqat 7 foiz ishtirokchi (asosan yoshi kattalar) bu kabi tarmoqlarga kirishni vaqtni behuda sarflash, deb baholagan.

Ayrim psixologlar doimiy moliyaviy stress va qarzdorlik, daromadi bo‘lsa-da, muayyan jamg'armaning yo'qligi, oilaviy kelishmovchiliklar, hatto uzoq muddatli moliyaviy maqsadlarni yo'qotishlarni ham ana shu sindrom oqibatlari bilan bog'lashmoqda.

Bularning oldini olish uchun esa «Menga bu rostdan ham kerakmi?» degan savolni qo'yish, ijtimoiy tarmoqdagi hayotni taqqoslashni cheklash, moliyaviy maqsadlarni yozma ravishda belgilashni tavsiya qilishyapti. Qo‘shimcha qilinishicha, garchi hashamatli hayot sindromi - yuzaki qaraganda «muvaffaqiyatli»dek tuyulsa-da, nazoratsiz qolsa, insonni moliyaviy va psixologik jihatdan charchatadi, faqat ongli tanlov, moliyaviy reja va shaxsiy qadriyatlar bu sindromdan saqlanishga yordam beradi. Shu o‘rinda yana bir misolga e’tibor qaratsak: 2024 yili Yoshlar agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 16-25 yoshdagi talabalarning 38 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi solishtirishlar va mukammallik illyuziyasi sabab o‘zlarida depressiya belgilarini seza boshlashgan. Bu borada olib borilgan xalqaro izlanishlar ham buni tasdiqlamoqda. Xususan, AQSHdagi Pew Research Centerning 2023 yili o‘tkazgan so‘rovnomasida 13-24 yoshli yoshlarning 59 foizi «ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan ideal hayot» ularning o‘zini baholash darajasini pasaytirayotganini bildirishgan. Buyuk Britaniyadagi Royal Society for Public Health tadqiqotlari yakunida ham aynan Instagram va Snapchat yoshlar orasida o‘zini past baholash, yolg‘izlik va depressiyaga olib keluvchi asosiy platformalar ekani ma’lum bo‘lgan.

Kembrij universitetining 2022 yilgi hisobotida ham ijtimoiy tarmoqlarda kuniga ikki soatdan ortiq vaqt o‘tkazadigan yoshlarda «hayotdan charchash» holati yuqori ekani keltirilgan. Psixologik tadqiqotlar ham Instagram va TikTok'da kuniga ikki soatdan ko‘proq vaqt sarflovchi yoshlar orasida ruhiy tushkunlik ehtimoli 20-30 foizga ortgani, bu holat, ayniqsa o‘zini boshqalar bilan taqqoslash ehtiyoji kuchli bo‘lgan o‘smirlar va yoshlar orasida yaqqol kuzatilishi aniqlangan.

KELAJAK UCHUN JIDDIY QAROR

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda instagram 2014 yildan beri butunlay bloklangan. Shuningdek, boshqa ko‘plab mamlakatlarda, xususan, Rossiya, Eron, Ukrainada ham instagram bloklangan yoki cheklagan holatlar qayd etilgan. To‘g‘ri, bunga instagramning faqat hashamatni «reklama» qilgani sabab bo‘lmagan. Ammo aksariyat hollarda axloqqa zid, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi videolar, erta nikoh, ko‘p xotinlilik yoki LGBT targ‘iboti bunga sabab qilib ko‘rsatilgan.

Yaqinda Indoneziya hukumati ham yoshlar tarbiyasi va oilaviy qadriyatlarga salbiy ta’sirini hisobga olib, Ilon Maskka tegishli bo‘lgan Grok chat botini bloklatdi. Bundan tashqari, ushbu mamlakat sun’iy intellektni taqiqlagan birinchi davlatga aylandi. Mamlakat mas’ullarining ma’lum qilishicha, Yevropadan Osiyogacha bo‘lgan mamlakat hukumatlari, tadqiqotchilar va regulyatorlar tomonidan ilovadagi shahvoniy xarakterdagi kontent keskin qoralangan. Gap shundaki, Grok chat boti ortida turuvchi X AI startapi joriy yilning 8 yanvar kuni tasvirlarni yaratish va tahrirlash funksiyasini faqat pulli obunachilar uchun cheklab qo‘yganini ma’lum qilgan edi. Bunga sun’iy intellekt tizimidagi xavfsizlik kamchiliklari tufayli nomaqbul tasvirlar, jumladan, ayollar va bolalarning ochiq kiyimdagi suratlari yaratilgani sabab bo‘lgan. Garchi Ilon Mask o‘z sahifasida noqonuniy kontent yaratish uchun Grokdan foydalangan har qanday shaxs, xuddi noqonuniy materialni internetga yuklagan odam kabi javobgarlikka tortilishini bildirgan bo‘lsada, bu indoneziyaliklarning qarorini o‘zgartirmadi.

Xavotirlisi, ayrim foydalanuvchilar Grok yordamida ayollar va bolalar suratlarini kiyimsiz holda tahrirlamoqda. Hozirda bu funksiya pulli obunachilardan tashqari hamma uchun o‘chirib qo‘yilgan.

Darvoqe, Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ham Grok chat botidan ekspluatatsion shahvoniy kontent yaratishda foydalanilayotganidan xavotirlanib, britaniyalik hamkasbi Kir Starmerning bu boradagi tanqidlarini qo‘llab- quvvatladi.

«LAYK VA «FOLLOWER»LAR BOZORI

Bir so‘z bilan aytganda, bugun instagram tom ma’nodagi bozorga aylandiki, bu yerda real mahsulot reklamalaridan tortib, firibgarlik «layk»lariyu, «kommentariya»lar uchun musobaqalar tobora avjiga chiqyapti. Hatto bu bozorda nechta «layk» bosilganiga qarab, o‘z bahosini bilib olayotganlar ko‘plab topiladi.

BU HAQDA JADIDLAR HAM YOZISHGAN...

Darvoqe, avvalgi mulohazamizga qaytsak. Jadid matbuotida ham ortiqcha dabdaba, hashamatga berilganlik, to‘y-marakalardagi isrof, jamiyatni ham, insonni ham tanazzulga olib borishi qattiq tanqid qilinadi. Xususan, Abdulla Qodiriy boylik va zohiriy hashamat ortidan quvish inson axloqini buzishi, aqlni xira qilishi, oila va jamiyatni inqirozga olib kelishini badiiy yo‘l bilan ko‘rsatadi. Cho‘lpon asarlarida ham zohiriy madaniyatga ko‘r-ko‘rona taqlid, boylik va hashamatni baxt deb bilish insonni «ichdan yemirishi» ekani yozilgan. Behbudiyning bir asr avval yozilgan «Padarkush» dramasida ham boylikka hirs, yengil hayotga o‘chlik, ma’rifatsiz va isrofga beparvolik fojiali oqibatlarga olib kelishi ko‘rsatilgan. To‘g‘ri, u paytlarda asosiy TikTok, Snapchat va instagramlar vazifasini mansabdorlar, taniqli kishilar bajarishgan va ularning yurish- turishlariyu, kiyinishlariga qarab, ergashuvchilar ko‘p bo‘lgan. Shu bois ham jadid matbuotida tarbiya va ilm pul, kayf-safo va tashqi ko‘rinish ortidan quvishdan ustun qo‘yilgan. Jadidlar hashamatga o‘chlik, o‘z hayotidan norozilik kayfiyati insonni halokatga yetaklashi haqida ko‘p va xo‘p yozganlar. Behbudiy «Bir millatni qashshoq qiluvchi narsa - isrof va johilona hashamatdir», deb yozadi bir maqolasida. Bundan xulosa qilinadiki, «Hashamatli hayot» sindromi bizga begona dard emas. Hatto u asrlar davomida «yashab kelyapti», tarqatuvchi vositalar almashyaptiyu, «virus» manbai e’tibordan chetda qolayotgandek...

To‘g‘ri, O‘zbekistonda instagram bloklanmagan bo‘lsada, bu platformadagi ekstremizm, qimor, firibgarlik, zo‘ravonlikka chaqiriqlar doimiy nazorat qilinadi. Ayrim postlar yoki akkauntlar sud qarori bilan yopilishi ham mumkin. Biroq... 2025-yili taxminan 14 milliondan ko‘proq odam (mamlakatimiz aholining salkam 38 foizi) instagramdan foydalangan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2024 yili 9-10 mln atrofida bo'lgan.

Ushbu platformaning doimiy «mijozi»ga aylangan, samarasiz, shunchaki, tomosha uchun vaqt sarflayotgan, qolaversa, instablogerlarga ergashayotgan «trendchi» o‘smirlar sonining ortib borayotgani aholisining 65 foizini yoshlar tashkil qilayotgan jamiyat uchun jiddiy signal aslida.

Mulohazamiz yakunida Milliy parlamentimiz vakillariga kichik bir taklif kiritmoqchimiz: instagramdagi ekstremizm, qimor, firibgarlik, zo‘ravonlikka chaqiriqlar bilan birga hamashatga ko‘milgan bekamu ko‘st hayotni reklama qilish barobarida qolipga sig‘maydigan ayrim motivatsion chiqishlar qonunan nazoratga olinishi uchun huquqiy asos yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Mahbuba KARIMOVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 21-yanvar sonidan olindi