O‘zbekiston global tinchlik sari


684     23.01.2026

Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbir O‘zbekistonning izchil, ochiq va tinchlikparvar siyosatini bir bor namoyon etdi. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimidagi ishtiroki mamlakatimizning global xavfsizlik, mojarolarni bartaraf etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qatʼiy pozitsiyasini tasdiqlovchi muhim siyosiy voqea bo‘ldi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan ushbu tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya kabi qator davlatlar rahbarlari, bosh hamda tashqi ishlar vazirlarining ishtirok etishi Tinchlik kengashining xalqaro miqyosdagi nufuzi va ahamiyati qanday bo‘lishidan dalolat beradi. Bu esa yangi tuzilmaning faoliyati keng geosiyosiy manfaatlarni qamrab olishi va turli mintaqalar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

Taʼkidlash lozim, Tinchlik kengashi O‘zbekiston tashqi siyosatiga to‘la mos keladi. Keyingi yillarda mamlakatimiz xalqaro munosabatlarida tinchlik, muloqot va kelishuv tamoyillarini ilgari surib, mojarolarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori ekanini amalda isbotlab kelmoqda. Yangi kengash aynan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni bartaraf etish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Kengash faoliyatining asosiy maqsadi mojaroning yanada keskinlashuvi xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Bu jarayon nafaqat gumanitar inqirozni yumshatadi, balki uzoq muddatli barqarorlikka erishish, farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega yangi G‘azoni barpo etishga xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur tashabbus istiqbolda Falastin davlatini tuzish uchun siyosiy va huquqiy asosni yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, Davosdagi ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning tinchlikni taʼminlash, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali diplomatiyani rivojlantirish borasidagi izchil siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi. Mamlakatimiz bugun nafaqat mintaqaviy, balki global tinchlik jarayonlarida ham ishonchli va masʼuliyatli sherik sifatida maydonga chiqmoqda.

 

Axliddin JUMAYEV,
partiya Markaziy kengashi mutaxassisi