656 28.01.2026
Tinchlik uchun kurashmoq kerak
Hujjatga ko‘ra, Tinchlik kengashi bir qator ustuvor vazifalarni bajarishi ko‘zda tutilmoqda. Yaʼni Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga ko‘maklashish, siyosiy muzokaralar uchun xalqaro platforma yaratish, gumanitar inqirozlarni bartaraf qilishda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar amalga oshirish shular jumlasidan. Shuningdek, mintaqada ishonchni mustahkamlash va nizolar qayta paydo bo‘lishining oldini olish, qolaversa, xalqaro huquq hamda BMT rezolyutsiyalariga tayangan holda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash ham asosiy maqsadlar sirasiga kiritilgan.
Bu vazifalar Tinchlik kengashini shunchaki maslahat organi emas, balki aniq amaliy natijalarga qaratilgan taʼsirchan xalqaro tuzilma sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda. Xususan, mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadi mujassam. Bu farovon hamda tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli.
Aytish joizki, kengash tarkibidan jahonning nufuzli va taʼsirga ega mamlakatlari yetakchilari o‘rin oldi. O‘zbekiston taʼsischi davlatlardan biri sifatida kengash faoliyatida izchil qatnashadi hamda boshqa mamlakatlar hamda xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishiga ishonamiz.
Zero, O‘zbekistonning G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tuzilgan Tinchlik kengashida yoki tinchlik o‘rnatish jarayonlarida ishtiroki siyosiy, iqtisodiy va strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega.
Masʼuliyatli va faol aktor
O‘zbekiston uzoq yillar davomida faqat mintaqaviy masalalar bilan cheklanib kelgan edi. Aytish joizki, G‘azodagi kabi global ahamiyatga ega inqirozni hal qilishda ishtirok etish rasmiy Toshkentning dunyo siyosatida “masʼuliyatli va faol aktor” sifatida tan olinishini bildiradi.
Ayonki, G‘azo masalasi butun musulmon olami uchun eng og‘riqli vaziyatdir. Shu nuqtai nazardan, kengash ishida qatnashish Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA hamda Kuvayt kabi arab davlatlari bilan strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishi muqarrar. Bu davlatlar O‘zbekistonning tinchlik yo‘lidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishga ko‘proq moyil bo‘ladi. O‘zbekiston o‘zining islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri ekanini namoyon qilib, musulmon dunyosida maʼnaviy va siyosiy obro‘si yanada yuksaladi.
Qolaversa, Tinchlik kengashiga aʼzolik G‘azo sektorini qayta tiklash ishlariga keng yo‘l ochadi. O‘zbekistonning qurilish kompaniyalari, muhandislari va mutaxassislari xalqaro grantlar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarda ishtirok etishi mumkin. G‘azoni tiklash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari, to‘qimachilik hamda oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun yangi bozor paydo bo‘ladi.
Ayni chog‘da O‘zbekiston o‘zini turli qutblar (G‘arb, Islom olami, Isroil, Falastin) o‘rtasidagi xolis vositachi sifatida namoyon etadi. Bu tajriba kelajakda Afg‘oniston yoki boshqa mintaqaviy mojarolarni hal qilishda qo‘l kelishi, shubhasiz. Chunki inson huquqlari va tinchlik tashabbuslari bilan shug‘ullanish BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar oldida mamlakatimiz reytingini oshiradi.
Yoki deylik, Yaqin Sharqdagi urush va beqarorlik dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda ham radikallashuv xavfini oshirayotgani bor gap. Shu bois tinchlik jarayonida ishtirok etish orqali O‘zbekiston mojaroni adolatli hal qilishga hissa qo‘shadi va bu bilan mintaqada radikallashuv to‘lqinini jilovlashga ko‘maklashadi.
Yana bir jihat, odamlarda “muammo qurol bilan emas, diplomatiya bilan yechilmoqda” degan ishonch paydo bo‘ladi. G‘azo masalasida faol bo‘lish O‘zbekistonga AQSH, Yevropa Ittifoqi hamda Xitoy kabi yirik kuchlar bilan munosabatlarda qo‘shimcha diplomatik imkoniyatlar beradi. Tinchlik o‘rnatuvchi sifatida O‘zbekiston bu davlatlar bilan muloqotda mustaqil pozitsiya egallashi mumkin bo‘ladi.
Demak, Tinchlik kengashiga aʼzo bo‘lish O‘zbekiston uchun shunchaki ramziy maʼnoga ega emas, bu — davlatning global siyosiy vazn yig‘ishi, yangi iqtisodiy bozorlarga kirishi va musulmon dunyosidagi strategik mavqeini mustahkamlashi uchun tashlangan muhim qadam.
Hamjihatlik — taraqqiyot asosi
O‘zbekiston keyingi yillarda Yaqin Sharqdagi mojaroga befarq bo‘lmagan mamlakat sifatida mintaqadagi muammolarni tinch yo‘l bilan yechishga, Falastin muammosini adolatli tarzda hal etishga chaqirib kelmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi minbari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar sammitlarida Yaqin Sharqdagi mojaroga tinch yo‘l bilan yechim topish va mamlakatimizning bu boradagi pozitsiyasini ochiq-oydin taʼkidlab keldi. Ushbu mintaqadagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu esa qo‘shni mamlakatlar hamda yirik davlatlarning mazkur muammo domiga tortilishi oqibatida global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib ketishi mumkinligini tashvish bilan qayd etdi.
Navbatdan tashqari o‘tkazilgan Arab-islom qo‘shma sammitida davlati-miz rahbari global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir hamda og‘riqli masala — Falastin muammosiga to‘xtalib, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini taʼkidlagan edi. Gumanitar yordam ko‘rsatishni kengaytirish chaqirig‘i, urushda jabrlangan Falastinlik bolalar hamda ayollarni yurtimiz shifoxonalarida beg‘araz davolash taklifi mamlakat hukumatining insonlar taqdiriga befarq emasligi-dan dalolatdir.
Prezidentimizning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni buning amaliy tasdig‘idir. Mazkur hujjatning asosiy maqsadi — O‘zbekiston hududida vaqtinchalik yashayotgan Falastinlik fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash va hayot sifatini yaxshilashdan iborat.
O‘zbekistonning bu tashabbusi davlatimizning nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni taʼminlash masalalariga g‘oyat masʼuliyatli va pragmatik yondashuvidan guvohlik beradi. Rasmiy Toshkentning ushbu pozitsiyasi uning Falastin inqirozini hal qilish hamda tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga strategik yondashuvidir. Bu ham mamlakatimizning muloqot va hamkorlik orqali Yaqin Sharqda barqarorlik hamda tinchlikni taʼminlashda muhim rol o‘ynashga tayyorligini ko‘rsatadi.
Sirasini aytganda, Tinchlik Kengashini tuzish tashabbusi hamda O‘zbekistonning ushbu jarayonda taʼsischi davlat sifatida ishtirok etishi uning xalqaro munosabatlardagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa nafaqat Yaqin Sharqda tinchlikni taʼminlashga qaratilgan muhim qadam, balki yurtimizning xalqaro hamjamiyatda ishonchli, masʼuliyatli hamda tinchlikparvar hamkor sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 27-yanvar sonidan olindi