2026-yil: natija va mas'uliyatga asoslangan islohotlar bosqichi


588     28.01.2026

2026-yil O‘zbekiston uchun islohotlarning yangi sifat bosqichini boshlab berayotgan muhim davr sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu yilga mo‘ljallangan davlat dasturi, ilgarigi amaliyotdan farqli o‘laroq, islohotlarni faqat rejalashtirish bilan cheklanmasdan, ularni aniq natija va shaxsiy javobgarlik asosida amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv davlat boshqaruvida mazmunan yangi falsafa shakllanayotganidan dalolat beradi.

Ilk bor islohotlar alohida sohalar bo‘yicha ustuvor dasturlar shaklida qabul qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘lchab bo‘ladigan maqsadlar, aniq indikatorlar va shaxsan mas’ul rahbarlar belgilanmoqda. Bu esa davlat boshqaruvida “hujjat qabul qilindi” yondashuvidan voz kechib, “qanday natijaga erishildi” tamoyili qaror topayotganini anglatadi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada alohida ta’kidlaganidek, islohotlar markazida mahalla instituti turibdi. 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida davlat siyosati islohotlarni aholiga eng yaqin darajada — ya’ni mahallada amalga oshirishga qaratilgani yaqqol ko‘rinadi. Mahalla endi faqat ijtimoiy institut emas, balki iqtisodiy, infratuzilmaviy va ijtimoiy masalalar hal etiladigan asosiy bo‘g‘inga aylanmoqda.

Xususan, joriy yilda mahallalarda ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, mahalladagi har bir muammo davlat organlari uchun aniq mas’uliyatga aylanib, uning ijrosi raqamli tizim orqali doimiy ravishda nazorat qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali ijro intizomi kuchayib, aholining davlatga ishonchi mustahkamlanishi kutilmoqda.

Iqtisodiy siyosatda texnologik o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Davlat investor uchun to‘siq emas, balki hamkor sifatida ishlaydigan ochiq va shaffof boshqaruv modeliga o‘tmoqda. Shu bilan birga, ekologiya va resurslar siyosatida tejamkorlik hamda barqaror rivojlanish uzoq muddatli davlat ustuvorligi darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sish bilan ekologik mas’uliyat o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga qaratilgan yondashuvdir.

Davlat boshqaruvi va sud-huquq sohasidagi islohotlar jamiyatda ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Aholi murojaatlarini hal etishda davlat organlarining javobgarligi oshirilib, “OASIS” yagona raqamli platformasi orqali barcha murojaatlar shaffof va tizimli nazorat qilinadi. Sud-huquq sohasida adolat, ochiqlik va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mexanizmlar kuchaytiriladi.

Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish davlat siyosatining qat’iy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, majburiy ijro tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali inson omilini kamaytirish, adolat va samaradorlikni oshirish maqsad qilingan.

Fuqarolarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri. Ijtimoiy faollikni rag‘batlantirish mexanizmlari doirasida jamiyatda faol fuqarolarga davlat xizmatlarida chegirmalar berish, oliy ta’lim shartnomalarining bir qismini qoplash, avtomashina xaridi uchun kreditlar bo‘yicha imtiyozlar joriy etish taklif etilmoqda. Bu fuqarolik faolligini iqtisodiy va ijtimoiy rag‘batlar bilan bog‘lashga asos bo‘ladi.

Ayni paytda 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi va islohotlar paketi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani alohida ahamiyatga ega. Bu jarayon islohotlarning ochiqligi, inklyuzivligi va jamiyat fikriga tayanishini ta’minlaydi. Umid qilamizki, fuqarolar, ekspertlar va faol jamoatchilik vakillari ushbu muhokamalarda faol ishtirok etib, qo‘shimcha taklif va tashabbuslar bilan chiqadi.

Umuman olganda, 2026-yilga mo‘ljallangan islohotlar davlatni insonga yanada yo‘naltirilgan, hisobdor va adolatli tizimga aylantirishga, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga xizmat qiladi. Bu siyosatning markazida esa inson manfaatlari, jamiyat barqarorligi va mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti turadi.

 

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 27-yanvar sonidan olindi